UYEFA «France Football» va «Lequipe» jurnallari bilan bog‘liq bo‘lgan «Oltin to‘p»ni topshirish marosimini tashkil qiluvchi Groupe Amaury kompaniyasining hamkori bo‘ldi, deyiladi ittifoq rasmiy saytida.
«UYEFA loyihaga o‘zining futbol tajribasini olib keladi, shuningdek, global tijorat huquqlarini targ‘ib qiladi va har yili mukofotlar to‘plamini tashkil qiladi. Bundan tashqari, erkaklar va ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiylari uchun yangi mukofotlar qo‘shiladi, bu ularning jamoalari muvaffaqiyatiga qo‘shgan bebaho hissasini ta’kidlaydi.
Barcha joriy mukofotlar ro‘yxati saqlanib qoladi, unga erkaklar uchun «Oltin to‘p», ayollar uchun «Oltin to‘p», «Kopa» sovrini (21 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchi), «Yashin» sovrini (eng yaxshi darvozabon), Gerd Myuller kubogi (eng yaxshi to‘purar) kabi mukofotlar kiradi. O‘tgan mavsumning eng yaxshi erkaklar klubi mukofoti, mavsumning eng yaxshi ayollar klubi mukofoti va Sokrat mukofoti (insonparvarlik ishlari uchun) ham saqlanib qoladi», - deyiladi UYEFA bayonotida.
Qayd etilishicha, Groupe Amaury «Oltin to‘p» brendi egasi bo‘lib qoladi va ovoz berishni nazorat qilishda davom etadi. UYEFA bundan buyon Yevropada yilning eng yaxshi futbolchisiga sovrinni topshirmaydi.
«Oltin to‘p» 1956 yildan beri «France Football» tomonidan har yili topshirilib kelinmoqda. 2023 yildagi sovrin sohibi «Inter Mayami» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi bo‘ldi.