Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Timur Kapadze: «Fayzullayev Yevropaning kuchli chempionatlaridan birida o‘ynashga yetarli iqtidori bor»

Timur Kapadze: «Fayzullayev Yevropaning kuchli chempionatlaridan birida o‘ynashga yetarli iqtidori bor»

Baho:
+ | -

Superliga 24-turi doirasida «Neftchi» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin «Olimpik» ustozi Timur Kapadze fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Jamoamizni g‘alaba bilan tabriklayman. Yigitlarim yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, ular g‘alabaga haqli edi deb hisoblayman. Bu bizga kerakli uch ochko edi. Chunki jamoada bosim bor edi. O‘yin oson bo‘lmadi. «Neftchi» ham kuchli jamoaligini bilgan holda tayyorlandik. G‘alabadan xursandman. «Neftchi» ham tajribali jamoa, yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Bu futbol, balki, penaltidan gol urilganida, o‘yin boshqacharoq ketardi. Ammo biz birinchi bo‘limdanoq yaxshi o‘yin namoyish qildik. Biz uchun bunday o‘yinlar katta ishonch beradi.

— «Olimpik»ning asosiy figuralari — Abdurauf Bo‘riyev hamda Jasur Jaloliddinov. Agarda ular o‘yinda qatnashmaydigan bo‘lishsa, Sizda qanday variantlar bo‘ladi?
— Bugun Bo‘riyev o‘ynamadi. Uning o‘rnida bo‘lgan futbolchilar esa vazifalarini bajara olishdi. Ha, qayerdadir kamchiliklar bo‘ldi, nimalardir o‘xshamadi. Ba’zi holatlarda «Neftchi» imkoniyat bermadi. Jasur individual kuchli futbolchi, qaysidir epizodlarda yaxshiroq harakat qiladi. Lekin bizda jamoaviylik asosiy o‘rinda turadi. Turli xil vaziyatlarga tushib qolsak, ularning o‘rniga tushadigan futbolchilar ham bemalol o‘ynab keta oladi.

— Birinchi bo‘limda jamoa kuchli pressing qildi. Lekin yakuniy zarbalar ko‘ngildagidek bo‘lmadi.
— O‘yinni nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qildik. «Neftchi» ham oson jamoa emas, 5-3-2 taktikasida o‘ynaydigan raqib himoyasini yorib o‘tish istalgan jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Raqiblarning himoyada ko‘pchilik bo‘lganligi sababli hujumda ishlarimiz doim ham o‘xshamadi. Shukr-ki, bir epizodimizdan gol urdik, bundan xursandmiz. Birinchi bo‘limda ham imkoniyatlarimiz, zarbalarimiz bo‘ldi, lekin noaniq o‘ynadik. Biroq asosiysi — g‘alaba.

— «Olimpik» jamoasidan kelajakda nimalarni tasavvur qilsak bo‘ladi?
— Ushbu jamoa nima sababdan tashkil qilinganligini yaxshi bilsangiz kerak. Futbolchilarga katta o‘yin amaliyoti, tajriba berish uchun tuzgandik. Uch yil oldin tuzilgan jamoada har yili o‘zgarishlar bo‘ldi. Ayrim yetakchilar boshqa jamoalarga o‘tishdi, bu yil ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Jasur va Ibrohimni hisobga olmasa, boshqa futbolchilar o‘z jamoalarida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgandi. Ularni o‘stirishga harakat qildik. Terma jamoa uchun ham ko‘pchilik bo‘lgani yaxshi. «Olimpik» o‘tgan uch yilda ushbu vazifani bajara oldi. Jamoada ko‘zga ko‘ringan futbolchilar ayni damda Superliganing bir qancha jamoalarida o‘ynashmoqda. Bundan xursandman. Termaga ham eng kuchli futbolchilarni chaqiramiz. Jamoadagi keyingi yil rejalarini esa keyinchalik qaraymiz. Chunki aprel oyida bizda rasmiy turnirimiz bor. Nasib bo‘lsa, Olimpiada ham bo‘ladi. Rejalarni mavsum yakunida rahbariyat bilan tuzib chiqamiz.

— Ikkita savolim bor: Rossiya chempionatida Abbosbek Fayzullayev haqida nima deysiz? Farg‘onalik murabbiy sifatida bugun muxlislar sizning jamoangizni olqishlab kuzatib qo‘ydi.
— Abbos faqatgina meni emas, butun o‘zbek futbolini xursand qilyapti. Yaxshi darajada o‘ynamoqda, jamoaning asosiy tarkib futbolchisi sifatida yetakchilardan biri bo‘lib oldi. Uyda dadam ham uning o‘yinlarini xursand bo‘lib tomosha qilyaptilar. Rossiyadagi ekspertlar bilan ham gaplashib turibmiz, ular ham Abbosbekning o‘yinlaridan hayron. Bunday gavdasi bilan to‘p uchun kurashlarda ham, boshqa holatlarda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Shu orqali u jamoasining natijalariga katta hissa qo‘shmoqda. Shunday legionerlar O‘zbekistonning reputasiyasini ko‘tarmoqda. Buni bilgan holda futbolchilar ham yaxshi o‘ynashmoqda. Abbosbekda Yevropaning kuchli chempionatlaridan birida o‘ynashga yetarli iqtidori bor.

Bugun muxlislar jamoalarini yetarli darajada qo‘llab turishdi. Bugungi olqishlashdan keyin biz ham xursand bo‘ldik. «Neftchi»ni muxlislari nafaqat o‘zlarining jamoalari, futbolni yaxshi ko‘rishadi. Balki o‘yinimiz bilan, balki harakatlarimiz bilan ularning mehrini qozondik. Ularga katta rahmat aytaman. «Neftchi» jamoasi ham muxlislarini katta g‘alabalar bilan xursand qilishlarini tilab qolaman.

Manba: fcolympic.uz
Kiritildi: 22:52, 03.11.2023.
O'qildi: 2833 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.