Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa 2-1 Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe 0-1 Malyorka
21/12 19:00 Torino 0-2 Bolonya
21/12 20:00 Brentford 0-2 Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich 0-4 Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem 1-1 Brayton
21/12 20:15 Selta 2-0 Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa 1-2 Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas 1-5 Arsenal
21/12 22:30 Osasuna 1-2 Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze

Nogahoniy merganlar

Nogahoniy merganlar

Baho:
+ | -

«Shtutgart» hujumchisi Seru Girassi - joriy mavsumdagi chinakam sensasiya!

Gvineyalik snayper 8ta uchrashuvda 14ta gol urib, Bundesliga to‘purarlari o‘rtasida yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. Hatto «Bavariya»dek grand safiga o‘tgan Garri Keyn ham unga yeta olmayapti, top-ligalar vakillarining natijalari yanada pastroq. 27 yoshli Girassi parvozining ajablanarli jihati shundaki, shu paytgacha hech qachon sermahsul to‘purarlar safida bo‘lmagan, butun chempionat davomida ham 14ta gol ura olmagandi. Girassi kabi «g‘oyibdan paydo bo‘lgan» to‘purarlar boshqa ligalarda ham uchrab turadi. Masalan, top-ligalar beshligida ham shunaqa merganlar bor. Keling, ularni birgalikda yodga olamiz.

Kevin Fillips - APLning 1999/2000 yillar mavsumidagi eng yaxshi to‘purari

26 yoshga qadar Kevin APLdan yiroq bo‘lgan, katta futboldagi faoliyatini yarim professional jamoada, qanot himoyachisi pozisiyasida boshlagandi. Lekin sermahsulligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Shu sababli, uni oldingi chiziqqa o‘tkazishga qaror qilishdi. Shundan keyin Kevin bir necha mavsumni 2-divizionda o‘tkazdi va 1999 yil bahorida «Sanderlend» bilan elitaga ko‘tarildi. O‘sha yili Fillips ilk marta Angliya terma jamoasidan chorlov olgan bo‘lsada, debyut mavsumida APLning eng yaxshi to‘purari bo‘lishini hech kim kutmagandi. O‘sha mavsum hujumchi 30ta gol urib, afsonaviy Alan Shirerdan 7 ballga o‘zib ketgan va «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritgandi! Shundan beri Kevin nufuzli sovringa sazovor bo‘lgan dastlabki va hozircha, yagona angliyalik futbolchi bo‘lib qolmoqda.

O‘shanda Kevin markaziy hujumchi Nill Kuin bilan sermahsul juftlikni tashkil etgandi. Baland bo‘yli irlandiyalik to‘plarni ilib olar va sherigiga uzatar, tezkor Fillips esa raqiblaridan o‘zib ketardi. «Maydondagi hamkorlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, mashg‘ulotlarda biz alohida shug‘ullangan emasdik. Murabbiyimiz Piter Ridning ko‘rsatmasi o‘ta qisqa edi: «Kuinni bilan ishla, uning harakatlariga moslashib, uzatmalariga tayyor tur...» Keyinchalik raqiblarimiz manyovrlarimizni o‘rganib olishgach, gol urish qiyinlashib qoldi. Lekin o‘sha mavsumda ular to‘siq bo‘la olmagandilar», - degandi rekordchi to‘purar.

Fillipsning keyingi faoliyatida sermahsullik kuzatilmadi. Biroq Kevin uzoq vaqt APLda to‘p surdi, 4 mavsumning har birida 10tadan ko‘proq gol urdi. Angliya terma jamoasi bilan Yevro-2000 turniriga yo‘l olgan bo‘lsada, maydonga tushirilmadi. Shundan keyin terma jamoa bilan 8ta o‘yinda birorta gol urmagan holda xayrlashdi.

Daniel Guisa - La Liganing 2007/08 yillar mavsumidagi eng yaxshi to‘purari

Messi va Ronaldular davridan avval kimlar Ispaniya chempionatining to‘purarlari bo‘lishgan - Rud van Nistelroy, Samuel Eto~O, Diyego Forlan, Ronaldo. Kutilmaganda, ular orasida ko‘pchilikka notanish bo‘lgan Guisa paydo bo‘ldi. O‘sha mavsum 27 yoshli hujumchi uchun Primeradagi 6-si edi. Dastlabki 3 mavsumda deyarli maydonga tushmagan, Segundadagi 1 yillik tanaffusdan keyin 2 mavsumda 10ga yaqin gol urgandi. Lekin 2007 yilda «Malyorka»ga qaytgach, sermahsul o‘yin ko‘rsata boshladi. U hatto «Barselona», «Real» va «Atletiko»dek grandlarni ham o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishga majbur etdi va mavsumni 27 gol bilan eng yaxshi to‘purar maqomida yakunladi. E’tiborlisi, Daniel barcha gollarini o‘yindan urgandi. O‘sha mavsumda hujumchi Ispaniya terma jamoasida debyutini nishonlab, 21ta o‘yinda 6ta gol urdi. Jumladan, Yevro-2008 yarim finalida Rossiya darvozasini ishg‘ol etdi, yakunda qit’a chempioni bo‘ldi.

Igor Protti - «A» seriyasining 1995/96 yillar mavsumidagi eng yaxshi to‘purari

90-yillarda Italiya futbolida ham Ispaniyadagiga o‘xshash voqea kuzatilgandi. O‘sha davrda to‘purarlar yetakchiligi Marko van Basten, Janluka Vialli, Juzeppe Sinyori, Gabriel Batistuta va Filippo Inzagilar izmida edi. Biroq keyinchalik o‘rtamiyona «Bari» hujumchisi sahnaga ko‘tarildi.

O‘shanda Igor elitadagi 2-mavsumini o‘tkazayotgan, debyut mavsumida 7ta gol bilan kifoyalangandi. Lekin keyingi mavsumda u chempionlikni nishonlagan «Milan»dan tashqari, barcha raqiblari darvozabonlarini ranjitdi, 24ta gol urdi va liganing eng yaxshi unvonini «Lasio» vakili Sinyori bilan bo‘lishib oldi. Qizig‘i shundaki, merganning gollari «Bari»ga elitadagi o‘rnini saqlab qolish imkoniyatini bermadi. «O‘shanda men ikki o‘t orasida qolgandim. Jamoaning «V» seriyasiga tushib ketgani to‘purarlik sha’niga putur yetkazgandek bo‘ldi. Biroq bilasizmi, ... oxirgi turda «Yuventus» darvozasiga 2ta gol urdim, turinlik muxlislar meni gulduros qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishgandi», - degandi Igor keyinchalik. 

Protti terma jamoadan chorlov olmadi. Lekin «Lasio», «Napoli», «Redjina» klublarida to‘p surdi, keyin quyi ligalarda o‘ynab, yana elitaga qaytdi va 1 yil «Livorno» sharafini himoya qildi.

Marek Mintal - Bundesliganing 2004/05 yillar mavsumidagi eng yaxshi to‘purari

Ixtisosi hujumkor yarim himoyachi bo‘lgan 27 yoshli slovakiyalik futbolchi Bundesligadagi debyut mavsumida barcha hujumchilarga namuna bo‘lgandi. Bungacha Marek o‘z yurtida «Jilina» safida to‘p surgan, 2003/04 yillar mavsumida «Nyurnberg»ga o‘tib, u bilan 2-Bundesligadan elitaga ko‘tarilgandi. Slovakiya terma jamoasining a’zosining zo‘r snayper ekanligini Germaniyada hech kim bilmasdi.

Qizig‘i, startdagi 6 tur davomida Mintal faqat «Gamburg» darvozasiga gol urdi. Urganda ham, gollar hisobini xet-trik bilan ochdi. Keyin deyarli har bir o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi. Faqat yakuniy bosqichda sermahsullik pasayib qoldi. uning aniq zarbalariga hatto «Bavariya» ham to‘siq bo‘la olmadi. yakunda Mintal 24ta gol bilan Myunxen to‘purari Roy Makayni ortda foldirdi, Dimitar Berbatov va Miroslav Klozelar ham unga yeta olmadilar.

Mussa Sou - Liga1ning 2010/11 yillar mavsumidagi eng yaxshi to‘purari

Fransiya chempionatidagi to‘purarlik unvoni Olivye Jiru, Zlatan Ibragimovich, Aleksandr Lyakazett va Edinson Kavani kabi yulduzlar ixtiyoriga o‘tishi arafasida «Lill»ning senegallik hujumchisi yorqin o‘yin namoyish etdi. Sou o‘shanda «Lill»dagi debyutini nishonlagan va 25ta gol bilan Kevin Gameyrodan 3 ballga o‘zib ketgandi.

O‘sha mavsumda hujumchi 25 yoshda bo‘lib, Liga 1dagi 7-mavsumini o‘tkazayotgandi. Avvalgi 6 yilni u «Renn» tarkibida o‘tkazgan talab darajasida to‘p sura olmagandi. Taajjubki, «Lill»dagi ishtirokini u aynan «Renn» darvozasini zabt etish bilan boshlagan, so‘nggi turda esa xet-trikka erishib, unga ishonch bildirmagan sobiq jamoasini jazolagandi. Keyingi mavsumda Sou 6ta gol urdi va Turkiyaga yo‘l oldi. Shundan keyin faoliyatini Turkiya va BAA klublarida o‘tkazdi. «Fenerbaxche» transferi mening xohishim emasdi, klub shuni istadi. Niyatim Fransiyada to‘p surish edi, boshqa variantlar xayolimga ham kelgan emas. Futbolning tabiati shunaqa ekanligini tushunaman, lekin bunchalik bo‘lishini kutmagandim», - degandi senegallik hujumchi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:20, 06.11.2023.
O'qildi: 1074 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.