Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ana xolos! Irlandlarga yutqazish manfaatliroq, nima?

Ana xolos! Irlandlarga yutqazish manfaatliroq, nima?

Baho:
+ | -

Yevro-2024 saralash turniri tobora finishga yaqinlashmoqda.

Mana, oktyabr oyiga qo‘yilgan o‘yinlar ko‘plab masalalarga oydinlik kiritdi. Jumladan, 9ta milliy jamoa kelasi yoz Germaniyaga borish huquqini qo‘lga kiritdi. Lekin quyidagi maqola yo‘llanmani rasmiylashtirganlar emas, balki «V» guruhidagi holat haqida. Binobarin, ushbu beshlikda o‘ta g‘ayrioddiy vaziyat yuzaga keldi. Sports.ru saytida yozilishicha, hozirda guruh jadvalining 4-qatorida turgan Irlandiya termasi uchun navbatdagi o‘yinda yengilish manfaatliroq. Nima? Nahotki? Ha, irlandlar noyabr oyiga belgilangan bahsda Niderlandiya termasiga yutqazishsa, Yevropa chempionatiga chiqish imkoniyatini birozgina yaxshilab olishadi. Qanaqasiga? Nahotki, mag‘lubiyat g‘alaba yoki durangdan yaxshiroq bo‘lsa? Bundan holat uchun Yevropa Millatlar kubogiga rahmat aytish kerak...

Aslida Irlandiya milliy jamoasi «V» guruhi 8-turidan keyin qit’a birinchiligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini yo‘qotib bo‘ldi. Lekin Roy Kin izdoshlarida Germaniyada tashkil etiladigan turnirga «pley-off» bosqichi orqali yo‘l olish imkoni bor. Bu raund ishtirokchilari esa Millatlar kubogi vositasida aniqlanadi. 

Endi umumiy ma’lumot. Avvalo, eslatish kerak, ayrim jamoalar Yevro-2024ga saralashning «pley-off» bosqichi orqali saralanadi:

*** Aslida «pley-off» bos­qichining 12ta o‘rni YEMK «A», «V» va «S» ligalari guruhlarida g‘olib chiqqan 12ta jamoa­ga ajratilgan.

*** Agar guruh g‘olibi Yevropa chempionatiga umumiy kvalifikasiya orqali chiqsa, unda uning «pley-off»dagi o‘rni o‘z ligasidagi keyingi jamoaga beriladi.

*** Agar qaysidir ligada Yevropa birinchiligiga umumiy saralash orqali o‘tolmagan jamoalar 4tadan kam qolsa, unda «pley-off» yo‘llanmasi «D» ligasi g‘olibi (Estoniya termasi)ga nasib etadi.

*** Agar qaysidir ligada Yevropa birinchiligiga umumiy saralash orqali o‘tolmagan jamoalar 3tadan kam qolsa, unda «pley-off» yo‘llanmasi daraja bo‘yicha ke­yingi liga vakiliga beriladi.

Yevro-2024 saralashi «V» guruhidagi holatga kelsak, hozirda Fransiya milliy jamoasi yo‘llanmani rasmiylashtirishga ulgurdi. Niderlandiya va Gresiya termalari esa YEMK guruhi g‘olibi sanaladi. Agar niderlandlar saralash yakunida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishsa, «pley-off» raundida bo‘shagan joy «V» ligasi vakiliga beriladi. Bordiyu, umumiy saralashda greklar maqsadga erishishsa, unda «S» ligasi vakili «pley-off»da o‘ynash huquqiga ega bo‘ladi. Xullas, bu holatda YEMK «V» ligasida ishtirok etgan irlandlar uchun Niderlandiya milliy jamoasining Yevro-2024ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi manfaatliroq. Binobarin, ular shunday taqdirda «pley-off» bosqichiga qo‘shilishdan umidvor bo‘lishadi. Oddiy ifoda etganda, Irlandiya termasi niderlandlarga yutqazish asnosida nafaqat raqibning bo‘lajak turnirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyatini oshiradi, balki o‘zi uchun «pley-off» bosqichida o‘rin hozirlashi mumkin. 

Umuman, Irlandiya termasining Yevropa birinchiligiga qo‘shilishi uchun mo‘’jiza kerak, baribir. Har holda, jamoa deyarli aql bovar qilmas shartlar uyg‘unlashgan holatdagina «pley-off» bos­qichiga o‘tadi. Deylik, «pley-off»da 12ta joydan 5tasi «S» ligasi vakillari va Estoniya termasi («D» ligasi g‘olibi)ga tegadi. Demak, Irlandiya termasi YEMK reytingida o‘zidan oldinda turgan 25ta jamoadan 19tasining Yevropa chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishiga umid bog‘lashi kerak. Shunda irlandlar hozircha «pley-off»ning bo‘sh turgan 7ta joyidan biriga ega chiqishadi. Murakkablik shu. Hozirgi holatda irlandlarning «pley-off»ga o‘tish-o‘tmasliklarini «hal qiladigan» 19ta jamoadan 16tasi shartga muvofiq ketmoqda. Shunday ekan, Irlandiya termasi umumiy saralash yakunigacha bir nechta jamoaga muxlislik qiladi:

*** Niderlandiya termasiga. Agar niderlandlar «V» guruhi ikkinchi yo‘llanmasiga ega chiqishsa, greklar «pley-off»­ga YEMK «S» ligasi guruhlaridan birining g‘olibi sifatida qo‘shiladilar.

*** Uels va Xorvatiya termalariga. Ikkisining Turkiya milliy jamoasining Yevro-2024 yo‘llanmasi egasiga aylanishiga xalaqit berolmagani irlandlar uchun yomon yakun bo‘ldi. Endi ushbu ikki jamoa guruhda Armaniston termasini oldinga o‘tishiga mone’lik qilishi kerak. 

*** Chexiya va Polsha termalariga. «E» guruhida Chexiya (2-o‘rin) va Polsha (3-o‘rin) termalari finishga qadar peshqadam (Albaniya)ni ortga surishi kerak. Albaniya jamoasi ayni holatda 6ta o‘yindan keyin 13 ochkoga ega va yaqin ta’qibchilarini tegishlicha 2 va 3 ballga ortda qoldirmoqda. Boz ustiga, albanlarda 2ta yengil o‘yin qoldi - Moldava va Farer orollari termalariga qarshi. Shu o‘rinda yana bir qiziq holat: moldovaliklar «pley-off» bosqichida o‘ynash imkoniyatini butunlay yo‘qotib bo‘lishdi, ammo ular hali qit’a chempionatiga guruhdan to‘g‘ri yo‘l olishga urinib ko‘rishlari mumkin.

*** Isroil termasiga. Isroilliklar «I» guruhida Ruminiya (1-o‘rin, 16 ochko) termasini ortga surishlari kerak. Ayni payt guruhda 2-o‘rinni egallab turgan shveysariyaliklarni emas, aynan ruminlarni. Bu masala juda qiyin. Chunki Isroil termasi hozir peshqadamdan 5 ochko orqada, to‘g‘ri zaxirasida 2ta o‘yin bor.

*** Islandiya termasiga. Islandlar «J» guruhida 4-o‘rindan 2-o‘ringa ko‘tarilishlari kerak. Buning uchun finishgacha Lyuksemburg va Slovakiya termalarini ortga surish talab etiladi. 

Xullas, hozircha Irlandiya termasi uchun hammasi ancha chigal. Lekin matematik tomondan imkoniyat yo‘q emas va niderlandlarga yutqazishda ham  ma’no bor...

O.ATABOYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 19.11.2023.
O'qildi: 2901 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.