Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Metallurg-2023»: Mavsum sarhisobi

«Metallurg-2023»: Mavsum sarhisobi

Baho:
+ | -

Mamlakat  XXXII  milliy chempionati tarix sahifalaridan joy olganiga hali bir hafta bo‘lmadi-ku, Superliga bahslariga ko‘nikib qolgan muxlislar uni sog‘ina boshlashdi. Qishki bo‘shliqni ortda qolgan mavsum sarhisobi, yangi mavsum tadorigi, klubda amalga oshirilayotgan ishlar, transfer yangiliklari bilan to‘ldirib turamiz.

2023 yilgi futbol mavsimini ko‘pchilik turlicha talqin etmoqda. Kimdir chempionat murosasiz, qiziqarli kurashlarga boy bo‘ldi, deyapti. Buni chempionlik uchun kurashning oxirgi turgacha hal bo‘lmaganligi yoki Superligada jon saqlash uchun kurashgan jamoalarning har bir o‘yinni qizitib berganligi bilan isbotlashmoqda. Ba’zi mutaxassislarning nazdida esa shunchaki aksariyat klublarning kuchi tenglashgan, shuning evaziga keskin raqobat kuzatildi. Biz bu mulohazalarni tahlil etish fikridan yiroqmiz. Shunchaki “Metallurg” sarhisobiga nazar tashlamoqchimiz. Bekobodliklar uchun mavsum qanday o‘tdi? Muxlislarning jamoa ishtirokidan ko‘ngli to‘ldimi? Shu va boshqa savollarga esa raqamlar misolida javob axtaramiz.

Dastavval esa “Metallurg” futbolchilarining 2023 yilgi mavsum o‘yinlaridagi ulushi taqvimini e’tiboringizga havola etamiz.

"Metallurg"ning birinchi davradagi o‘yinlarida futbolchilarning hissasi



"Metallurg" ning ikkinchi davradagi o‘yinlarida futbolchilarning ulushi


"Metallurg" o‘tgan yilgi pog‘onani band etdi

2023 yilgi mavsum “Metallurg” muxlislari uchun oson kechmadi. Chempionatning qatorasiga ikkita yirik mag‘lubiyat bilan boshlanishi mutasaddilarimizni ham, muxlislarni ham o‘ylantirib qo‘ygandi. Tezda tegishli choralar ko‘rildi. Jamoa boshqaruvida islohatlar amalga oshirildi. Yangi bosh murabbiyning jamoaga ko‘nikib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ldi. Klub ichidagi muhit mo‘’tadil ko‘rinish olgach, transfer siyosatida yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar to‘g‘rilashga kirishildi. Ikkinchi davradan “Metallurg” karvoni ravon harakatlana boshladi. Ligada eng ko‘p gol o‘tkazayotgan jamoaning himoya qo‘rg‘oni mustahkamlandi. Sa’yi harakatlar natijasi bo‘y ko‘rsatdi. Jamoa musobaqa jadvalida o‘ntalikka kirib oldi va mavsumni xotirjam ruhda yakunladi. 2022 yilgi o‘rnimizni band etdik. Mavsum oxirida murabbiylar ishidan qoniqish hosil qilgan Klub mutasaddilari chernogoriyalik murabbiy bilan shartnomani 2026 yilgacha uzaytirishga qaror qildi. Jamoa oldiga yangi vazifalar, marralar qo‘yildi...

“Metallurg” 2023 yilgi mavsumda 26 uchrashuvning 8 tasida g‘alaba qozondi, 6 ta o‘yinda bitimga imzo chekdi. 12 ta o‘yinda imkoniyat boy berildi. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi 26:35, 30 ochko jamg‘arildi.

Safar o‘yinlari ko‘paydi...

Bu yilgi mavsum "Metallurg" o‘z maydonida 5 ta g‘alaba, 4 ta durang, 4 ta mag‘lubiyat bilan, 39 imkoniyatdan 19 ochko qo‘lga kiritdi. Gollar farqi – 15:14. Safar natijalari esa: 3 g‘alaba, 2 durang, 8 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 11:21, 11 ochko.

Keltirilgan raqamlarga qarab, “Metallurg” uyda yaxshiroq o‘ynabdida, degan xulosaga kelish mumkin. Ammo “Metallurg” amalda safarda ko‘proq to‘p surdi. Avgust oyidan keyin O‘zPFLning talabi bilan Bekoboddagi “Metallurg” markaziy stadioni ta’mirlash uchun “yopildi”. “Metallurg” raqiblarini Olmaliq shahridagi OKMK stadionida qabul qila boshladi. 26-turdagi uy uchrashuvini esa raqib maydonida o‘tkazdi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Metallurg” 9 ta uchrashuvni uyda, 16 ta uchrashuvni safarda o‘tkazgan bo‘lib chiqadi.

Qiziqarli FAKT: Ortda qolgan mavsumda “Metallurg” to‘rtta jamoa – “Neftchi”, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Surxon”dan ochko ololmadi. O‘z navbatida uchta raqib – “Qizilqum”, OKMK va “Olimpik”ka ochko bermadi. “Turon” bilan esa har ikkala o‘yinda durangga imzo chekdi.

Quyidagi taqvimda “Metallurg”ning 2023 yildagi barcha o‘yinlari natijasi e’tiboringizga havola etilayapti:


Jamoa gvardiyachilari

Bu yilgi mavsumni Ispaniyalik murabbiylar shtabi bilan boshlab, Chernogoriyaliklar bilan yakunlagan “Metallurg” asosiy tarkib o‘yinlarida 32 futbolchi xizmatiga tayandi. Eng ko‘p maydonga chiqqan futbolchi Shahzodbek G‘ofurbekov bo‘ldi. U 25 ta uchrashuvda maydonga tushdi. shulardan 24 tasini boshlang‘ich tarkibda boshlagan bo‘lsa, bitta o‘yinda zahiradan qo‘shildi. Abrorbek Toshqo‘ziyev va Kerim Palichlar 24 ta bahsni asosiy tarkibda o‘tkazdi. Ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda qolgan Zabixillo O‘rinboyev hisobida 23 ta o‘yin bor. 23-turgacha uzluksiz barcha o‘yinlarda jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtirib kelgan sardorimiz Qarshidagi uchrashuvda  jarohat olmaganida mavsumning barcha bahslarida maydonga tusharmidi?

Maydonda bo‘lish – daqiqalar hisobidan kelib chiqqanimizda esa peshqadamlik Kerim Palichga tegishli – 2159 daqiqa. Abrorbek Toshqo‘ziyev hamda Shahzodbek G‘ofurbekovlar ham ikki ming daqiqalik davondan oshib o‘tishdi. Ularning ko‘rsatkichi mos ravishda – 2089  va 2086 daqiqa.

Futbolchilarning 2023 yilgi mavsumdagi ulushini quyida keltirilayotgan taqvim orqali o‘zingiz tahlil etishingiz mumkin.



Jamoa sardori - jamoa to‘purari...

Superligada “Metallurg” raqiblari darvozasiga 26 ta gol kiritdi. Mavsum davomida 12  nafar o‘yinchimiz o‘z ismi sharifini stadion tablolariga yozdirib qo‘ydi. Jamoamiz to‘purari Zabixillo O‘rinboyev bo‘ldi. U raqiblar darvozasini 7 marta ishg‘ol etdi. Gollaridan birini 11 metrlik jarima zarbasidan kiritdi. Ikkinchi davradan jamoamizga kelib qo‘shilgan 2020 yilgi “bombardirimiz” Shahzodbek Ubaydullayev o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdi. Jamoamizning universal o‘yinchilaridan biri Husniddin G‘ofurov ham 4 marta muvaffaqiyat qozondi. U 2 ta penaltini aniq amalga oshirganligini ham qayd etish lozim. Birinchi davradan keyin “Olimpik”ka ijaraga berilgan Ibrohim Ibragimov raqiblar darvozasiga 2 ta gol urdi. Shuningdek, U20 Jahon chempionatida o‘z ismi sharifini tarixga muhrlab kelgan bekobodlik iste’dodli hujumchimiz Shahzodjon Ne’matjonov ham 2 marta muvaffaqiyat qozondi. Yoshlar terma jamoamiz yig‘inlari, Mundial bilan band bo‘lgan, Jahon chempionatidan jarohat bilan qaytgan Shahzodjon 2 ta golni 7 ta uchrashuvda urdi. Agarda mavsumni asosiy tarkibimizda to‘liq o‘tkazganida SH.Ne’matjonovning foydasi bundanda salmoqli va barakali bo‘lishi mumkin edi.

Jamoaning qolgan gollari 7 nafar futbolchimiz hisobiga yozildi.



Jarimalar jafosi...

“Metallurg” 2023 yilgi mavsumni juda intizomli o‘tkazdi deyish qiyin. Uchrashuvni boshqarib borgan hakamlar bekobodlik futbolchilar qarshisida jami 51 marta sariq kartochkani ko‘tarishdi. Shulardan bir nafari bitta uchrashuvda ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatilgandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri qizil olgan futbolchilarimiz esa 4 nafar: bular – Vladislav Kasminin, Ibrohim Ibragimov, Husniddin G‘ofurov, Iskandar Shayqulov. Faqatgina Shahzodbek G‘ofurbekov bitta o‘yinda ikki marta ogohlantirib, maydonni vaqtli tark etgandi.



O‘rinbosarlarda o‘sish bor

Asosiy jamoamizga yaqin o‘rinbosarlarni yetishtirib beruvchi U-21 hamda U-19 chempionatlarida qatnashgan yoshlarimizning natijalari kishini xursand etadi. “Metallurg” futbol klubi qoshida “Real” (Madrid) akademiyasi bilan hamkorlik qiluvchi “El Golaso” futbol akademiyasining ochilishi o‘z samarasini bera boshladi.

Xususan, “Metallurg U-21” jamoasi ketma ket ikkinchi mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunlayapti. O‘tgan yili Bahrom Umarov boshchiligida, bu yil esa Abduvali Mo‘minov yetakchiligidagi yoshlarimiz butun mavsum hujumkor futbol namoyish etib, muxlislarimiz olqishiga sazovor bo‘ldi. Eng asosiysi bosh jamoaga munosib o‘rinbosarlar yetishib kelayotganligi ko‘zga tashlanmoqda. Fikrimiz isboti o‘laroq bosh murabbiy Vesko Steshevich asosiy tarkibiga U21 jamoasidan ko‘plab o‘yinchilarni jalb etdi: bular – Samandar Muratboyev, Alisher Xayrullayev, Nosir Abdusalomov, Sarvar Abduhamidov, Zafarbek Rahimjonov, Ro‘ziboyev Fayzullayevlardir... Ularning barchasi O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga ham jalb etilayotganligi bejiz emas.

Yana bitta ma’lumot: 2005 yilda tug‘ilgan bekobodlik iste’dodli hujumchi Behruz Abdullayev mavsumni “Metallurg U19” safida boshlab, “Metallurg U21”da yakunladi. Boshqa futbolchilarga nisbatan maydonga kamroq tushishiga qaramasdan 13 ta goli bilan O‘zbekiston U21 chempionatining to‘purariga aylandi.

Shuhrat Yuldashev murabbiyligidagi “Metallurg U-19” jamoamiz esa 2023 yilgi mavsum qahramonlari bo‘lishdi, deyish mumkin. Mamlakatimizning eng kuchli futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilarini ortda qoldirib, O‘zbekiston U19 chempionatida birinchi o‘rinni egalladi. Chempionatning oltin medallari va Kubogini Bekobodga olib kelishdi. Jamoaning aksariyat o‘yinchilari O‘zbekiston U-17, U-18, U-20 terma jamoalariga jalb etilgan.

Shuningdek, “Metallurg” futbol akademiyasining barcha yosh toifasidagi jamoalari Toshkent shahar birinchiligi – Premyer ligada muvaffaqiyatli qatnashmoqda. “Metallurg U13” jamoamiz O‘FA kubogining finaliga qadar yetib bordi. Akmal Xolmatov shogirdlari “Paxtakor” jamoasiga qarshi hal qiluvchi o‘yinni faqatgina penaltilar seriyasida boy berishdi xolos. Murod To‘ychiyev boshchilik qilayotgan “Metallurg U16” jamoamiz esa O‘FA kubogining yarim finaligacha yetib bordi. Faqatgina omadsizlik bois o‘smirlarimiz shohsupaga ko‘tarila olishmadi.

Superliganing 2023 yilgi yakuniy musobaqa jadvali



Jamoalarning uy uchrashuvlari natijalari bo‘yicha yakuniy jadval


Jamoalarning safar uchrashuvlari natijalari bo‘yicha yakuniy jadval.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 15:00, 07.12.2023.
O'qildi: 1366 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.