Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Aleksandr Xomyakov: "Tarkibni kuchaytirish uchun rahbariyat, homiylar bilan uchrashish kerak bo‘ladi"

Aleksandr Xomyakov: "Tarkibni kuchaytirish uchun rahbariyat, homiylar bilan uchrashish kerak bo‘ladi"

Baho:
+ | -

Bir yil oldin “Andijon”da bosh murabbiy sifatida ish boshlagan Aleksandr Xomyakov kutilganidek o‘tgan vaqt davomida ishqibozlarning mehrini qozondi va ishonchni oqlay oldi.

Jamoani me’mori sifatida Aleksandr Andreevich raqobatbardosh klubni shakllantirishning uddasidan chiqdi. Har doim oldiga qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli bajarish uchun oxirigacha kurashdi va futbolchilardagi shijoatni ham kuchaytirdi.

Hozirgi natijalar – bu tinimsiz mehnat samarasidir. Biz esa Aleksandr Andreevich bilan chempionat yakunlari va yangi mavsum rejalari xususida suhbatlashdi.

- Aleksandr Andreevich, 2023 yilgi mavsum ham nihoyasiga yetdi. Jamoaning ishtirokidan qanday xulosalar chiqardingiz?

- Men oxirgi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida shu mavzu yuzasidan berilgan savolga javob qaytargandim. Jumladan, o‘zimga tegishli masala yuzasidan rahbariyat bilan mavsum yakunida gaplashib olishimni aytgandim. Chempionat yakuni bo‘yicha umumiy xulosaga kelsak, mavsumni yaxshi o‘tkazdik, birgalikda astoydil mehnat qildik, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, ba’zida o‘zimizga bo‘lgan ishonchni biroz yo‘qotib qo‘ygandek taassurot qoldirgan paytlarimiz ham bo‘ldi.

- “Andijon” safarda 5 marotaba g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. Bu natija O‘zbekiston chempionatlari tarixida eng yaxshisi bo‘ldi. Mehmonda jamoa qo‘rqmasdan o‘z o‘yinini ko‘rsatgani albatta quvonarli. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?

- Rostini aytsam, uyda va mehmonda qancha o‘yinlarni yutganimizni ham bilmayman... Har bir uchrashuvda zafar quchishga harakat qildik. Ehtimol, ruhiy tomonlama kuchli ko‘rinmagan bo‘lishimiz mumkin. Shu bois ko‘pincha o‘yinimizni tezkor qarshi hujumga tayangan holda tashkil etdik. Bu ayniqsa safar uchrashuvlarida ko‘zga tashlandi. Ammo qadrdon muxlislarimiz qarshisida esa butunlay boshqacha to‘p surdik. Ya’ni, raqibni o‘zimizga bo‘ysindirish payida bo‘ldik.

- Chempionatdagi eng yoqimli va og‘riqli o‘yinlar qaysi bo‘ldi?

- Men o‘yinni murabbiy sifatidagi qarashlarimga ko‘ra baholayman. Masalan, “Paxtakor” klubi bilan kechgan uy o‘yinida maydonda zo‘r ko‘rindik, ayniqsa, hujumda. Lekin himoyada ham chakki emas ekanligimizni namoyish eta oldik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, raqiblarga darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar yuzaga chiqarish imkonini ham berdik. Albatta, eslasa og‘riq beradigan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ya’ni, bahs davomida anchagacha hisobda oldinda borib, so‘nggi pallada mag‘lubiyatga ham uchradik. Albatta, birinchi davrada “Bunyodkor” va keyin “Qizilqum”ga qarshi bahslarni nazarda tutyapman. O‘sha bellashuvlarda o‘zimizga o‘xshab ko‘rinmadik.

- Adashmasam, yil davomida sizga eng ko‘p berilgan savol Rubin Xebay bilan bog‘liq edi. Uning keyingi taqdiri hammani qiziqtiryapti...

- Xebayning amaldagi shartnomasi bor. Agar klub va uning o‘zini to‘la qanoatlantiradigan takliflar bo‘lsa, bu masalani o‘rganib chiqish mumkin bo‘ladi. Ammo, menga ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha uni sotib olish taklifi bilan bizga birov murojaat qilganicha yo‘q.

- Jamoaning yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejasi qanday?

- Kelgusi mavsum uchun tayyorgarlik haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, jamoa 3 yanvar kuni Andijonda to‘planadi. Futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va Tojikistonga yo‘l olamiz. U yerda yanvar oxirigacha qolamiz. Shuningdek, Turkiyaga safar uyushtirish ham ko‘zda tutilgan. Fevral o‘rtalarigacha o‘sha yerda bo‘lishimiz mumkin va Andijonga qaytib kelamiz. Uchinchi yig‘in masalasini yangi mavsum taqvimi e’lon qilingan kundan so‘ng hal qilishga kelishib olganmiz. Menimcha, oxirgi yig‘inni O‘zbekistonda o‘tkazsak kerak.

- Shuningdek, tarkibdagi o‘zgarishlar ham muxlislarni qiziqtiryapti. Yangi mavsum oldidan qanday yangiliklar bo‘lishi mumkin?

- Kelgusi mavsum uchun kadrlar masalasini, tarkibda yuz beradigan o‘zgarishlar xususida hozir bir nima deyish qiyin. Chunki buning uchun rahbariyat, homiylar bilan uchrashish kerak bo‘ladi. O‘sha yig‘ilish chog‘ida byudjet borasidagi masala ham ko‘rib chiqiladi va shundan keyin vazifalar haqida ham gaplashib olish mumkin.

Manba: "Андижон" матбуот хизмати
Kiritildi: 16:48, 08.12.2023.
O'qildi: 2056 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.