Ilgari, deyarli barcha ko‘p maosh oluvchi futbol yulduzlari Yevropada o‘ynashgan, ammo bu ko‘rsatkich 2023 yilda sezilarli darajada o‘zgardi.
MLS va Saudiya Arabistonida faoliyat olib borayotgan Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Karim Benzema, Neymar kabilar bugungi kunda Yevropaning eng katta nomlaridan-da ko‘proq pul ishlashmoqda. Ammo Yevropaning eng jozibali klublari hali ham mo‘may maoshlarni yulduzlariga berishga qodir. Planetfootball.com sayti ekspertlari «Ko‘hna qit’a»ning bugungi kundagi eng ko‘p maosh olayotgan futbolchilardan tashkil topgan o‘ziga xos ramziy jamoani tuzishdi.
Darvozabon: Manuel Noyer («Bavariya») - 21 million yevro
David de Xea o‘tgan mavsumda dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi darvozabon unvoniga ega bo‘lgandi, ammo o‘tgan mavsum oxirida «MYU» bilan mega shartnomasi tugaganidan keyin bu unvonni yo‘qotdi. Endi bu nomga Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Noyer ega chiqdi. U jamoasi bilan amaldagi shartnomasini 2022 yilda uzaytirgan edi. Nemis kiperi «Bavariya»da ketma-ket 11ta Bundesliga chempionligini, shu jumladan 2ta treblni qo‘lga kiritganini hisobga olsak, uni klub rahbarlari qo‘llab-quvvatlagani adolatli hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, Noyer 2023 yilda ta’tilda chang‘i uchayotganda oyog‘ini sindirib olgan va deyarli bir mavsumni o‘tkazib yuborgandi.
O‘ng qanot himoyachisi: Ris Jeyms («Chelsi») - 15,2
Todd Beylining «aristokratlar»i so‘nggi yillarda o‘zlarining eng qimmatli yulduzlarini sotishga moyil bo‘lib, so‘nggi yillarda moliyaviy «feyr-pley» bosh og‘rig‘idan qochish uchun deyarli 200 million funt sterling daromad qildi. Ammo ular ishongan «Kobxem» akademiyasi bitiruvchilaridan biri Jeyms bo‘lib, u o‘tgan yilning sentyabrida 6 yilga shartnomani uzaytirdi va shundan beri klub sardori etib tayinlandi.
Chap qanot himoyachisi: Lyuka Ernandes («PSJ») - 19
Himoyachilar orasida eng qimmat uch yozgi transferdan biri - Ernandes yoz boshida 40 million yevro evaziga «PSJ»ga o‘tdi. 2018 yili Fransiya termasi bilan jahon chempioni bo‘lgan himoyachi Parijda 5 yillik shartnoma imzoladi va Serxio Ramos ketganidan keyin Luis Enrikening orqa chizig‘ini birmuncha mustahkamladi.
Markaziy himoyachi: Rafael Varan («MYU») - 20,6
Varan 2021 yilda «MYU»ga kelgan paytda jahon chempionati va 4ta Chempionlar ligasi chempioni bo‘lganini hisobga olsak, uning vakillari yuqori maosh olish uchun katta talabi borligi aniq edi. Albatta, «qizil iblislar» Varanga yaxshigina haq to‘laydi. 30 yoshli futbolchi Premyer-ligadagi eng ko‘p maosh oluvchi himoyachi hisoblanadi.
Markaziy himoyachi: David Alaba («Real») - 22,5
Varanda bo‘lgani kabi, Alabaning maoshi «Real»da uncha katta munozaralarga sabab bo‘lmadi. Avstriyalik futbolchi «Bavariya» bilan so‘nggi mavsumida «trebl» yutgan va Ispaniya poytaxtiga erkin agent sifatida kelgani ko‘pchilikning yodida. Alaba o‘zining qadr-qimmatini isbotladi, chunki «Los Blankos» o‘zining debyut mavsumida ham La Liga, ham Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Ikkinchi yil nisbatan umidsizlikka uchradi, ammo u ushbu to‘plamni Qirollik kubogi bilan yakunladi. Bunday olib qaralganda uncha yomon emas.
Markaziy yarim himoyachi: Frenki de Yong («Barselona») - 37,5
«Barselona» so‘nggi bir necha yil ichida o‘z maoshlarini kamaytirishga harakat qildi, Lionel Messi, Jerar Pike, Serxio Buskets va Jordi Alba kabi uzoq yillik yuqori maosh oluvchilar jamoani tark etishdi. Ammo de Yongning yiliga 37 million yevro miqdoridagi ulkan maosh paketi sobiq prezident Xosep Mariya Bartomeu davridagi muvaffaqiyatsiz sarmoyalar sirasiga kiradi. Agar u Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tmasa, bu amaldagi kelishuv deyarli uning faoliyatidagi eng yuqori maosh bo‘ladi.
Markaziy yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne («Manchester Siti») - 24,3
«Manchester Siti»ning belgiyalik pleymeykeri Premyer-liganing eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi hisoblanadi. U shuningdek, agenti bo‘lmagan kam sonli futbolchilardan biri. Futbolda eng zo‘rlaridan biri bo‘lganingdan keyin agent nega kerak?
Markaziy yarim himoyachi: Toni Kroos («Real») - 24,3
Kroos 33 yoshda bo‘lsa-da, yaqin kelajakda nafaqaga chiqishini o‘ylamayapti. Nemis yarim himoyachisi faoliyatini yuqori saviyada tugatishni va buning biror joyda zaxira o‘rindig‘ida qolib ketishini istamasligini aytdi. Uning amaldagi shartnomasi kelasi yil yozida tugaydi va madridliklar o‘z yarim himoyasini keyingi avlod uchun Jud Bellingem, Eduardo Kamavinga va Aurelyen Tchuameni bilan tartibga solganini hisobga olsak, u faoliyatini tugatishi ajablanarli emas. Kroos «Los-Blankos»dagi uzoq yillik jamoadoshi, iyun oyida «Bernabeu»da bir yillik shartnoma imzolaganidan keyin kamroq maosh oladigan Luka Modrichdan oldin mazkur ro‘yxatga kiritildi. Tez orada esa Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Hujumchi: Usmon Dembele «PSJ» - 36,3
«Barselona»ni tark etib, Mbappe bilan birga o‘ynash uchun Dembele Parijga ko‘chib o‘tdi. Albatta, Neymar qilgan ishni takrorlashi ham ehtimoldan yiroq emas.
Hujumchi: Xarri Keyn («Bavariya») - 25
Erling Xoland bilan ajoyib raqobat tashkil etgan hujumchi haligacha Angliya terma jamoasi sardori hisoblanadi. 30 yoshli futbolchi «Bavariya»ning 100 million yevro narx bilan transferlar rekordini o‘rnatdi va bir zumda Bundesliga tarixidagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylandi.
Hujumchi: Kilian Mbappe «PSJ» - 72
Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, hozirda dunyoning eng yaxshi futbolchisi, Mbappe Yevropaning top-5 ligalaridagi boshqa o‘yinchilardan deyarli ikki barobar ko‘p maosh oladi. U Saudiya Arabistonidan kelgan mo‘maygina takliflarni rad etdi. Vaholanki, agar u Yevropaning istalgan boshqa klubiga ko‘chib o‘tsa, maoshini kamaytirishga to‘g‘ri keladi. Hatto «Real Madrid» ham bunday maoshni to‘lay olmaydi.
R.IBROHIMOV tayyorladi