"The Athletic" nashri jurnalisti Lori Uituellning so‘zlariga ko‘ra, Kazemironing "Manchester Yunayted"ga o‘tishi klubning o‘tgan yozda Xarri Keynni sotib olmaganiga sabab bo‘lgan.
2022 yil avgustida ingliz klubi “Real”ga 60 million funt to‘laganidan keyin Kazemiro “qizil iblislar” futbolchisiga aylandi. Buning ustiga “Yunayted” futbolchiga avvalgisidan deyarli ikki baravar maosh va’da qilgan va futbolchi bu taklifdan hayratda qolgan.
Braziliyalik futbolchi tezda o‘zini Erik ten Xag jamoasining eng muhim o‘yinchilaridan biri sifatida ko‘rsatdi va birinchi mavsumida mankunianliklar safida 51 ta o‘yinda maydonga tushdi. Biroq joriy mavsumda futbolchi jarohatlardan aziyat chekmoqda, u 1 noyabrdan buyon o‘yinlarda ishtirok etgani yo‘q.
"The Athletic" xabariga ko‘ra, Kazemiro kelishuvi "Yunayted"ning bu yozda Xarri Keynni qo‘lga kiritish umidini chippakka chiqargan, chunki angliyalik hujumchining maoshi FFP qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan darajada yuqori bo‘lar edi.
Maqolada, shuningdek, “klub Kazemironi tanladi, chunki Ten Xag zudlik bilan jamoaga ta’sir o‘tkazishga muhtoj o‘yinchi olishi kerak edi va bu tomonda futbolchi “Real”ni tark etishga tayyor edi”. Jon Murto boshchiligidagi "Yunayted"ning sport departamenti uning jamoaga qanday mos kelishini tahlil qildi, jarohatlar tarixini baholadi va u bilan shartnoma imzolashda oldinga siljish haqida bir ovozdan qarorga keldi. O‘shanda "Vest Xem" Deklan Rays bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishdan bosh tortgan va Ten Xag uzoq kutishni istamagandi.
Tez orada klubning sport qarorlari uchun mas’ul bo‘lishi kutilayotgan ser Jim Retkliff 31 yoshli yarim himoyachining yaqin orada ketishini talab qilishi mumkin. Ko‘plab nashrlar, jumladan "The Athletic"ning xabar berishicha, britaniyalik tadbirkor Kazemironi jamoa uchun keraksiz deb hisoblaydi. Braziliyalikning yuqori maoshi ham bu qarorga katta ta’sir o‘tkazadi.
Yaqinda 30 yoshga to‘lgan Keyn o‘tgan yozda 82 million funt evaziga "Bavariya"ga o‘tdi va Bundesligada 15 o‘yinda 21 gol urdi.