Adama Traore Ispaniyada, Barselona provinsiyalaridan birida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Malidan. Biroq Traore hech qachon Mali terma jamoasida rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmagan.
Ammo 2012 yilda u Ispaniya U-16 terma jamoasida, 2013 yilda esa U-17 tarkibida o‘ynay boshladi. 2013-yilda Traore “Barselona B”ga kelib qo‘shildi va 2015-yilgacha bu jamoada o‘ynadi.
2013-yilning 23-noyabrda u “Barsa” asosiy jamoasida debyut qildi va 83-daqiqada Neymarni almashtirdi. Biroq, u boshqa hech qachon "Barsa" asosiy jamoasida o‘ynamagan.
2015 yilda u "Aston Villa"ga sotilgan. Biroq u o‘zini “sherlar” a’zosi sifatida yaxshi ko‘rsata olmadi va 2016-yilda “Midlsbro”ga o‘tdi, o‘shanda bu jamoa Premyer-ligada o‘ynardi. Adama “Midlsbro” safida 2016-yilning 10-sentyabrida “Kristal Pelas”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.
Premyer-ligadagi 16/17 yilgi mavsum "Midlsbro" uchun omadsiz keldi, 17/18 mavsumda esa yana chempionshipga tushib ketishdi. 17/18 mavsumda Adama 5 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi, shu tufayli u "Midlsbro"ning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Adama chempionshipdagi eng muvaffaqiyatli driblinglarni ham amalga oshirdi.
2018 yilning 8 avgustida Adama "Vulverxempton"ga o‘tdi. Transfer summasi 18 million funt sterlingni tashkil etdi. Shu kuni, 8-avgust kuni Adama Traore "Bo‘rilar" safida "Lester"ga qarshi o‘yinda debyut qildi va 1-sentyabr kuni "Vest Xem Yunayted" darvozasiga "bo‘rilar" safidagi ilk golini urdi.
2019-yilning 6-oktyabr kuni Adama Traore “Manchester Siti”ga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. O‘sha bahsda "Vulverxempton" 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘sha yilning 28 noyabrida ispaniyalik futbolchi yevrokuboklardagi ilk golini urib, Portugaliyaning "Braga" klubi darvozasini ishg‘ol qildi. Yanvar oyida Traore Premyer-ligada oyning eng yaxshi futbolchisi sovrinini oldi.
2022-yil, 29-yanvar malilik futbolchi “Barsa” tomonidan ijaraga olingandi. "Ko‘k-anorranglilar" safida jami 16ta o‘yin o‘tkazib, 4ta golli uzatma va bitta golga mualliflik qilgan. 2022 yilning yozida u "bo‘rilar"ga qaytdi, lekin kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. 2023 yilning yozida u "Fulxem"ga o‘tdi.
Xulosa qilsak: Adama Traore o‘zining barcha iqtidorini ochib berolmadi, lekin uning driblingi va tezligi shunchaki ajoyib edi. Adama Traore Eden Azardan ko‘ra muvaffaqiyatli driblinglar foiziga ega edi! Albatta, Traore oddiy yuguruvchi emas, balki gol urish va pas berishdan ko‘ra driblingni yaxshi ko‘radigan juda texnar futbolchi ham edi.