Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Pogba: Bilmayin bosdim tikonni...

Pogba: Bilmayin bosdim tikonni...

Baho:
+ | -

Pol Pogba noto‘g‘ri qarorlar va hatti-harakatlar har qanday futbolchi faoliyatini nobud qilishi mumkinligiga yorqin misol bo‘la oladi.

Bir paytlar dunyoning eng qimmatbaho futbolchisi va o‘z pozisiyasida tengsiz bo‘lgan o‘yinchini Ronaldinyodek afsona «Oltin to‘p»ning bo‘lajak sohibi sifatida ta’riflagandi.

2016 yilda Pol «MYU»ga o‘tganida, «Orzular teatri» unga o‘z salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyatini berdi. Yakunda futbolchi o‘zining bedavo qiliqlari qurboniga aylandi. 30 yoshli xavbekning faoliyati jarohat va intizomsizligi oqibatida 4 yilga diskvalifikasiya bilan jazolanganini inobatga olsak, avvalgi yuksak saviyasini tiklay olishiga ishonish mushkul.

Pogbaning hozirgi holatini mukammal ifodalay oladigan yagona ibora - afsus. O‘ta noyob iqtidor sohiblaridan biri endi yuksak saviyada to‘p sura olmaydi. Surgan taqdirda ham, baribir, ilk yillarda «Yuventus» yoki Fransiya terma jamoasida namoyish etgan tengi yo‘q o‘yinni ko‘rsata olmaydi.

Bundan tashqari, Turindagilar hozir yengil nafas oladigan bo‘lib qolishgani ham bor gap. Chunki Polning dopingga qarshi testi natijalari ma’lum bo‘lishidan avval ham yuksak saviyada o‘ynay olmasligi, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan klub bu «tirik tovon»ga katta maosh berish zaruratidan forig‘ bo‘lganligi oydinlashib qolgandi.

2022 yil yozida «Yuventus» erkin agent maqomida kelgan Pogbani mamnuniyat bilan kutib olgan, xavbek esa «Old Trafford»dagi o‘rtamiyona ishtirokidan keyin hammasini qaytadan boshlash imkoniyatiga ega bo‘lgandi. Biroq amalda uning tashrifi top-maqomdagi so‘nggi bosqich bo‘lib qoldi.

JCH-2022da qatnashish imkoniyatini yo‘qotmaslik umidida tizzasidagi jarohatdan forig‘ qilishi mumkin bo‘lgan jarrohlik muolajasidan voz kechgandi. Ana shu noto‘g‘ri qaror tufayli Pol salomatligini tiklay olmadi - «konservativ terapiya» muolajasi samara bermadi.superagen

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri hafsalasi pir bo‘lganiga qaramay, Pogbani qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Muxlislar ham xavbekdan norozi edilar. Shu yo‘sinda Pol Turindagi ikkinchi debyutini nishonlay olmadi. Ustiga-ustak, tog‘-chang‘i sihatgohidagi suratini ijtimoiy tarmoqqa joylash bilan turinliklarga nisbatan hurmatsizlik namoyish etdi.

Aleks Fergyuson esa Pog­baning 2012 yilda «MYU» tark etish chog‘idagi qilig‘idan darg‘azab bo‘lgandi. Bunga superagent Mino Rayola ham qisman sababchi bo‘lgandi. Aslida, ser Aleks bundan avval ham Minoni xush ko‘rmasdi.

Ma’lumki, shotlandiyalik mutaxassis «MYU»da futbolchilarga otalarcha munosabatda bilan hurmat qozongan. Lekin u ixtiyorida erkin agent maqomidagi o‘ta noyob iqtidor sohibi bor Rayola bilan til topisha olmadi. shu tariqa Minoda o‘z mijozini yanada qimmatroq bahoda sotish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Keyin ser Aleks Pogbani hurmatsizlikda aybladi. Biroq Pol tabiatan tarbiya­siz yigit bo‘lgani sababli, bunga e’tibor bermadi. Chunki u «Torsi» va «Gavr» klublarini ham bundanda battarroq vaziyatda tark etgandi.

Albatta, navqiron futbolchining boshqa nomdor jamoada o‘ynash istagi yomonlik alomati emas. Fransiyalik iqtidorning xatosi «MYU»ni tark etganida emas, balki o‘ta bevaqt qaytib kelganida edi. Ehtimol, aynan uning o‘zi uchun bu to‘g‘ri yo‘ldek tuyulgandir. Biroq o‘sha pallada u «Yuve» tashlab ketmasligi kerak edi. Jamoa shiddatli parvozni davom ettirayotgan, 2017 yildagi YECHL turnirida finalga chiqqandi. Ana shu hal qiluvchi bahsda «Real»ga imkoniyatni boy berdi. Kim biladi, deysiz, o‘sha o‘yinda yuksak saviyadagi Pogba ham «keksa sinyora» tarkibida bo‘lganida, nufuzli sovrin turinliklarga nasib etarmidi?

Pol «MYU»ga Mourinyo davrida qaytdi. Portugaliyalik murabbiy uni yaxshi kutib olgan bo‘lsada, 2018 yilda ular o‘rtasidagi munosabat yomonlashib ketdi va Mouning iste’fosiga sabab bo‘ldi. Mourinyo o‘rnini egallagan Ule-Gunnar Sulsher nisbatan tajribasiz murabbiy bo‘lsada, Pogbaning salohiyati  kechikib bo‘lsada yuzaga chiqadigandek tuyulgandi. Biroq futbolchi ham, agenti ham klubni hurmat qilish o‘rniga, boshqa transferlar xususida bosh qotirishdi.

Manchesterliklar uchun eng achinarli jihati shundaki, klub tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi (105 mln. yevro) na maydonda, na uning tashqarisida sariq chaqalik manfaat keltira oldi. Chunki uning transfer qiymati tobora pasayib ketayotgandi. Pogba endi faqat ijtimoiy tarmoqlarda yulduz maqomini saqlab qolgandi. U hatto yaxshi sport formasida bo‘lgan davrida ham Fransiya terma jamoasida porlagan yulduzning nusxasiga ham o‘xshamasdi.

Bir paytlar Ronaldinyo Pogbani har qanday jamoada yorqin o‘yin ko‘rsata oladigan tengi yo‘q iqtidorga qiyoslab, «Oltin to‘p» sohibi bo‘lishini taxmin qilgandi. Vaqt esa bunday emasligini isbotladi. Fransiya terma jamoasida Pol N~Golo Kante kabi iqtidorlar yonida to‘p surardi. «Old Trafford»da bunday ko‘makchilar yo‘q, o‘zi esa butun bir yarim himoya chizig‘ini boshqara olmasdi. Uning yetakchi emasligi oydinlashgach, hamma undan yuz o‘gira boshladi. Jumladan, muxlislar ham u «MYU»ni tark etishidan ancha avval «tuyog‘ingni shiqillat» qabilidagi shiorlarni yog‘dira boshlagandilar.

Pogba uchun o‘ta og‘riqli zarbalardan yana biri shuki, uning «MYU»dagi shartnoma muddati nihoyasiga yetganidan keyin «Yuventus»dan tashqari, biron-bir Yevropa klubidan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Tekinga keladigan futbolchi bilan hamkorlik qiladigan mard topilmadi. 2022 yil dekabrida «keksa sinyora» jarohatlarga moyil bo‘lib qolgan fransuz shartnomasini qaytadan ko‘rib chiqishi haqida gap-so‘zlar bo‘lgandi. Keyin Allegri jamoa uchrashuviga kech kelgan xavbekni YEL doirasidagi «Frayburg»ga qarshi bellashuv zayavkasiga kiritmadi.

Shundan keyin futbolchidagi hamdardlik hissi o‘z o‘rnini umidsizlikka bo‘shatib berdi. Pogba professional futbol talablariga jismonan va ruhan javob bera olmaydigandek ko‘rina boshladi. «Tanqidchilarni og‘izlarini yumishga majbur qilaman. Ular meni yomonlasalarda, hech qachon taslim bo‘lmayman. Men zaif emasligimni ularga ko‘rsatib qo‘yishni istayman», - degandi Pol «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida. Ertasiga fransiyalik futbolchi dopingga qarshi testdan o‘ta olmagani e’lon qilindi. Ehtimol, bu Pogbaning professional futbolchi maqomidagi so‘nggi e’tirofidir.

 A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 23:51, 23.03.2024.
O'qildi: 1608 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.