Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tanishing: Germaniyalik yangi yulduz

Tanishing: Germaniyalik yangi yulduz

Baho:
+ | -

«Bayer»ning turli musobaqalardagi 43 uchrashuvida 36 ball jamg‘argan mergan - 20 yoshli Florian Virts, Xabi Alonsoning kutilmagan kashfiyoti.

Demak, bugungi qahramonimiz hali yosh bo‘lishiga qaramay, har qanday yulduz futbolchi havas qiladigan statistikaga ega germaniyalik yangi yulduz...

Virtsning 9 nafar  akalari va opalari bor. Ota-onasi esa uning agentlari

Xans-Yoaxim Virts va Karin Gross oilada o‘z futbol jamoasi bo‘lishini orzu qilishgandi. Florian ularning kenjatoylari, oiladagilar futbolni sevishadi, lekin faqat u va kenja opasi Yuliana professional futbolchi bo‘lishdi.

Yuliana «Bayer»ga ukasidan 2 yil avval, 2018 yilda kelgan, 2023 yilda «Verder»ga o‘tib ketgandi. Otasi esa uzoq yillardan beri Pulxaymning «Brauvayler» klubi raisi. Flo aynan shu shaharda dunyoga kelgan va futboldagi ilk qadamini tashlagan. Lekin katta Virts Federal chegara xizmatida ham ishlagan. Onasining butun faoliyati sportda o‘tgan: gandbol murabbiyi maqomida u tarbiyalagan Yulian Kester Germaniya terma jamoasigacha ko‘tarilgandi.

Florian boshlang‘ich maktab davridayoq futbolchi bo‘lishini belgilab olgani bois, hatto hozir ham buning sababini aniq tushuntira olmaydi. Lekin o‘zi uchun munosib yumush topa olishiga hech qachon shubha qilmagan: hatto Bundesligadagi muvaffaqiyatli debyutidan keyin ham, ota-onasi undan avvalo, a’lo bahoga o‘qishni talab qilishgandi.

Mart oyidagi «Bayer»ning navbatdagi g‘alabasidan keyin DAZN jurnalisti Virtsdan g‘alabani bobosi va buvisi bilan nishonlash qanaqa bo‘lishini so‘radi. O‘sha palla TVda Floning tribunada qariyalar bilan quchoqlashgan holati namoyish etildi. «Aslida, ular mening otam va onam», dedi Florian. Qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganidan mulzam bo‘lgan jurnalist uzr so‘rab, tezda g‘oyib bo‘ldi.

Virtsning ota-onasi - uning agentlari. Hozircha, janjal yuz bermadi. Faqat bir marta otasi Flo «Barselona»ni orzu qilganini aytgan, u esa «Barsa»ni emas, Messini yoqtirishini aytgandi. Xullas, oilaviy hamkorlik xamirdan qil sug‘urgandek silliq kechmoqda.

Darvoqe, «kumirlar» xususida: Messi - tushunarli, lekin Marko Marin va Joau Feliks... Virts Marinni «Verder»dagi faoliyati (2009-2012) tufayli yoqtirib qolgandi. O‘shanda Marko Bundesliganing eng yorqin o‘yinchilari safida edi. Lekin «Chelsi»da «so‘nib» qoldi. Felish esa «Benfika»dagi o‘yinlari bilan kasbdoshini rom etgandi. Hozir Flo 20da, Joau esa 24da. Ularning qay biri top-klublar uchun qadrliroq ekanligini shu raqamlardan ham bilib olish mumkin.

Virts «Bayer»ga  janjallar bilan o‘tdi

Leverkuzenliklar «Kyoln» bilan yosh iqtidorlarning klubdan klubga o‘tmasligi xususida kelishib olishgandi. Biroq o‘rtada nozik farq ham yo‘q emas. Germaniyada «Bayer», «Borussiya M.», «Kyoln» va «Fortuna» o‘rtasidagi bellashuvlar Reyn derbisi, deb ataladi. Sababi, bu jamoalar mo‘’jazgina Reyn viloyatida joylashgan. Mazkur klublar o‘z tarkiblariga begona akademiyalar o‘yinchilarini taklif qilmaslik xususida kelishib olishgan. Bundan ko‘zlangan maqsad - o‘zaro yaqin joylashgan shaharlardagi o‘yinchilarning bir jamoadan ikkinchisiga o‘tishlariga ota-onalari roziligini olishni osonlashtirish.

Virts 16 yoshida 200000 yevro evaziga «Kyoln»dan «Bayer»ga o‘tdi. O‘sha davrda «Borussiya M.»da sport direktori lavozimida ishlagan Maks Eberl xolis mutaxassis sifatida «Bayer» kelishuv qoidalarini buzmaganligini ta’kidlagandi. Chunki klub Floni bir yo‘la asosiy jamoa tarkibiga kiritgandi. Virts salohiyatini namoyish etganida, «Kyoln» alamdan «yonib» ketdi.

Darhaqiqat, Floni qo‘ldan chiqarib, katta xatoga yo‘l qo‘ygandi. Chunki 2017 yilda «Bayer»dan «Kyoln»ga o‘tgan va 25 yoshgacha atigi 11 marta maydonga tushgan 19 yoshli Tim Xandverkerni hech kim eslamaydi. Virts esa «Bayer» tarixidagi va «Bavariya»dek grand darvozasini zabt etgan eng yosh snayper. Bundesligada atigi 3 nafar futbolchi (Kay Xaverts, Timo Verner, Yulian Draksler) 100ta o‘yin marrasini undan kichikroq yoshda bosib o‘tishgan.

Agar 2022 yil martida Flo jarohat olmaganida, marrani barvaqt zabt etgan bo‘lardi. Hali 21ga chiqmagan futbolchini hozirning o‘zida zamonaviy futboldagi asosiy ijodkorlaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yakuniga yetmagan joriy mavsumda u 19ta assist bilan top-ligalar beshligida yetakchilik qilmoqda.

«Jahon miqyosidagi yuksak salohiyat. Virtsni zararsizlantirishning umuman, iloji yo‘q!» - «Frayburg» ustozi Kristian Shtrayx uning jamoasi darvozasiga fantastik gol urgan futbolchini shunday ta’riflagandi.

Virts bilan Alonso o‘rtasida havas qilishga arziydigan munosabat shakllangan

Xabi Alonso bosh murabbiy lavozimini egallashidan avval ham Flo Bundesligadagi eng yaxshi yosh iqtidorlar safida edi. Lekin asosan tezkor qarshi hujumlarda yulduz maqomida to‘p surdi. Mussa Diabi, Jeremi Frimpong va Patrik Shik hamkorligida har qanday raqibni sindira olardi.

Alonso rahbarligida u pozision hujumlarda ham top maqomidagi murakkab o‘yinni o‘zlashtirib oldi, usiz hujumning samaradorligi pasayib ketardi. «Benazir iqtidor sohibiga avvalo, maydonda benazir harakat imkoniyatini berish lozim», degandi Xabi Virtsga bergan erkinlik haqida.

Alonso bir necha marta Floni Messiga qiyoslagan: «Leo sermahsulligining siri nimada? U hujumni kuchaytiruvchi uzatmani qachon va qay tarzda amalga oshirishni biladi. U xuddi jamoadoshiga xitob qilayotgandek to‘p suradi: «yaxshi pozisiyaga chiqdingmi? Mana, to‘pni ola qol». Gap amalga oshirish qiyin bo‘lgan qaror haqida emas. Darvoza oldida eng aqlli va samarali qarorni topish lozim. Aynan shu masalada Leo tengsiz, Florian esa unga o‘xshaydi».

Murabbiy uning o‘yin tafakkurini o‘zgartirib yuborganini Virts tan oldi. Asosiy yangilik - har qanday vaziyatda sur’atni oshirmaslik: «To‘pni qaytarib berilgan paytda, doimo raqib jarima maydonchasiga chopish shart emas. Avvalo, o‘yinni tinchlantirish kerak. Chunki nazorat muhim ahamiyatga ega».

Virtsning mukammal top-o‘yinchi bo‘lishiga xalal beradigan yagona to‘siq - jarohatlar. 18 yoshda xochsimon bezning cho‘zilishi - falokat. Xayriyatki, qaytganidan keyin tezda tiklanib oldi. Lekin bu yog‘iga shikastlanishdan uzoqroq yurishi talab etiladi. Afsuski, shikastlanish yana takrorlanishi mumkin. To‘g‘ri, Flo ba’zan mikrojarohatlarga duch kelib turadi, joriy mavsumda omadi keldi - atigi 1 marta. 9 oy ishsiz yurish hech kimga naf keltirmaydi, albatta. Lekin qahramonimiz fikricha, salomatligini tiklash jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi, kuchga to‘lgani o‘yinlarda yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Tamom. «Ba­yer»da azim futbolchi ulg‘aymoqda!

Xo‘ja Abdulahad tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:54, 09.05.2024.
O'qildi: 2056 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.