«Brayton» yangi orzular og‘ushida. APLda tomoshabop va hujumkor o‘yinlari bilan muxlislar qalbiga kirib borgan klub o‘z tarixidagi eng sensasion yangilik samarasini sabrsizlik bilan kutmoqda. Oddiy aytganda, Roberto de Zerbidan ayrilgan «Brayton» yangi mavsumni yangi bosh murabbiy - Fabian Xyurseler rahbarligida boshlaydi. 27 yoshida professional futbolga «Sankt-Pauli» ustozi Timo Shults assistenti maqomida bosh suqqan Fabian o‘sha vaqtdayoq effektli va iqtidorli taktik sifatida nom qozongandi. Xullas, ko‘pchilik uning tez orada malakali murabbiy o‘laroq katta sahnaga ko‘tarilishini taxmin qilgandi. Biroq o‘zgarish shunchalik tez yuz berishini hech kim xayoliga ham keltirmaganligi aniq.
«Sankt-Pauli» rahbariyati Qatar mundiali arafasida Shultsni iste’foga chiqardi va Bundesliga 2 turnir jadvalida 15-o‘rinda borayotgan jamoa boshqaruvini 29 yoshli assistentga ishonib topshirdi. O‘sha vaqt Germaniya chempionati tarixida birgina Yulian Nagelsmann 30 yoshga to‘lmasidan oldin bosh murabbiy rutbasiga loyiq ko‘rilgandi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Yulian elitada «jon» saqlash uchun kurashayotgan «Xoffenxaym» boshqaruvini 28 yoshu 205 kunligida qo‘lga olgandi, Fabian esa «Sankt-Pauli» bosh murabbiyi lavozimiga tasdiqlangan vaqt 29 yoshu 337 kunlik edi. Xullas, u Germaniya chempionati yuqori ligalari tarixidagi ikkinchi yosh murabbiyga aylandi. Asosiysi, Fabian Xyurseler ilk kunlardayoq oqimga qarab ish ko‘radigan murabbiylar toifasidan emasligini baralla namoyish etdi. Misol uchun, jamoa-ning qishki ta’tilda «Verder» bilan Ispaniyada o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rejaga kiritilgandi. Xyurseler esa nazorat o‘yinidan voz kechib, shogirdlari bilan taktika bo‘yicha mashg‘ulot o‘tashni afzal ko‘rdi. Tabiiyki, uning bu qarori «Verder» murabbiylar shtabida e’tiroz tug‘dirdi. Lekin Fabian bo‘sh kelmadi: «Hozirgi holatda 1ta o‘yin uchun Ispaniyaga borishdan ko‘ra, jamoa futbolchilarida taktik o‘quvni oshirish muhimroq».
Diqqatga sazovor fakt: Xyurseler bosh murabbiy maqomidagi faoliyatini 10ta o‘yinga cho‘zilgan chiroyli g‘alabalar seriyasi bilan boshladi. Shu asnoda «Sankt-Pauli» birdaniga autsayderlar qatoridan uzoqlashdi va Bundesliga yo‘llanmalariga da’vogar jamoalarning raqobatchiga aylandi. Orzuning ro‘yobi ham uzoq kuttirmadi - Xyurseler o‘zining ilk to‘liq mavsumida jamoani elitaga ko‘tarish missiyasini sharaf bilan uddaladi. Vaholanki, «Sankt-Pauli» mavsumlar oralig‘ida bir qator yetakchi futbolchilaridan ayrilgandi. Xususan, asosiy himoyachilar Leart Pakyarada va Yakov Medich jamoadan ketishdi. «Sankt-Pauli» shuningdek, 30ta gol va 17ta assist bilan Bundesliga 2da katta obro‘ orttirgan Daniel-Kofi Kyere - Gvido Burgshtaller juftligini ham saqlab qololmadi. Katta yo‘qotishlarga qaramay, Xyurseler jamoasi mavsum startidayoq Bundesliga yo‘llanmasi uchun kurashishga tayyorligini ko‘rsatdi. Raqamlarda aytsak, «qaroqchilar» dastlabki 8ta o‘yinda atigi 5ta gol qo‘yib yuborishdi, jumladan, elitadan tushgan «Shalke» va «Gerta»ni mahv etishdi. Shuningdek, mavsum yakunida «Pauli» kabi yuqorilagan «Xolshtayn» ham o‘zaro bellashuvda mag‘lubiyatni tan oldi. Ana shu muvaffaqiyat «Brayton»ning Fabian xizmatiga qiziqishini yanada oshirib yuborgani - ayni haqiqat.
Fabian Xyurselerning muhim fazilatlaridan biri shuki, u professional saviyasi past hisoblangan futbolchilarni qo‘rqmas-dan asosiy tarkibga jalb etadi. E’tirofning isboti sifatida Germaniyadagi biror akademiyaga ma’qul kelmaganidan so‘ng faoliyatini futzalda tiklashga qaror qilgan Elias Sadni misol keltirish mumkin. Xullas, katta futbol orzusidan voz kecholmagan Elias «Pauli»ga «Ayntraxt Nordershtedt» havaskorlar klubidan o‘tgandi. U yangi jamoada chap qanot hujumchisi pozisiyasidan joy oldi. Shuningdek, sal avvalroq Angliyada havaskorlar bilan to‘p surgan Oladapo Afolayan va akademiya tarbiyalanuvchisi Filipp Troyni ham Xyurseler tomonidan kashf etilganlar qatoriga qo‘shish mumkin. Yana bir e’tiborli jihat: «Pauli» o‘tgan yilning aprelidan joriy yil yanvarga qadar biror marta mag‘lubiyatga uchramadi. Shu yuksalish o‘laroq, Fabian o‘rtamiyona jamoani shohsupaga olib chiqqan kelajagi porloq mutaxassis maqomini oldi.
Germaniyalik murabbiy endi «Brayton»da nisbatan yuksak saviyali futbolchilarga ustozlik qiladi. Jamoa rahbariyati aynan Xyurseler nomzodini tanlagani bejiz emas. Birinchidan, u o‘yin va ish yuritish uslub jihatidan Roberto de Zerbiga ancha yaqin. Ikkinchidan, shogirdlari mahoratini oshirish jarayonida murabbiyning o‘zi ham tobora toblanmoqda. To‘g‘ri, hozirda Fabianning yangi ish joyida samarali faoliyat yuritishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas. Binobarin, Xyurseler inqiroz va muhitga moslashish jafosini hali tatib ko‘rmagan. Demak, nufuzli liganing badavlat klublaridan birida shu paytgacha o‘zi duch kelmagan muammolarga yechim topishi talab etiladi. Murabbiyga dalda bo‘ladigan jihat shuki, u asosiy ijrochilaridan ayrilgan «Pauli»ni xotirjam shohsupaga olib chiqdi. «Brayton»da esa katta yo‘qotishlar yo‘q deyarli.
Shu joyda yana bir qiziqarli jihatni tilga olish kerak. Fabian APLda yosh jihatidan o‘zidan katta 6 nafar futbolchiga saboq beradi. Ya’ni «Brayton» tarkibidagi Lyuis Dank, Yoel Veltman, Paskal Gross (32 yosh), Denni Uelbek, Jeyson Stil (33 yosh) va Jeyms Milner (38 yosh) yangi bosh murabbiydan katta. Qolaversa, Fabian vaqtida aynan «Brayton»da malaka oshirgan va o‘shanda rahbariyat e’tiboriga tushgan. O‘zi esa Roberto de Zerbi g‘oyalaridan ilhomlanganini yashirmagandi. Umuman olganda, «Brayton» tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Xo‘sh, APL tarixidagi eng yosh bosh murabbiy maqomini olgan germaniyalik mutaxassis yovqur chempionatda qanday karomat ko‘rsatadi? Buni bilish uchun yangi mavsumni kutish va «Brayton» o‘yinlarini kuzatish kerak, albatta.
Abdulahad tayyorladi