Fransiyada 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari ochilish kunida tezyurar temir yo‘llarda qo‘poruvchilik sodir etildi.
Tezyurar temir yo‘l operatori SNCF bir qator o‘t qo‘yish hujumlari tufayli mamlakatning katta qismlari bo‘ylab poyezdlar qatnovini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
"Qasddan yong‘inlar infratuzilmamizga zarar yetkazdi va muhandislar allaqachon muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Biz muntazam poyezdlarni ishga tushiramiz, biroq ko‘plab TGV xizmatlari bekor qilinadi", — deyiladi SNCF bayonotida.
SNCF bosh direktori Jan-Pyer Faranduning aniqlik kiritishicha, bir vaqtning o‘zida uchta o‘t qo‘yish hujumi sodir etilgan va elektr kabellari o‘rnatilgan quvurlar shikastlangan. Yong‘in sodir bo‘lgan joylar yaqinida yonuvchi materiallar ham topilgan.
Transport vaziri Patris Vergritning aytishicha, transportdagi uzilishlar hafta oxirigacha davom etishi va 800 ming yo‘lovchiga ta’sir qilishi mumkin.
Juma kuni kechqurun Parijda Olimpiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosim 22:30 da boshlanadi.