Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/09 00:00 Betis 1-2 Malyorka
24/09 17:30 Braziliya 5-0 Kosta-Rika
24/09 20:00 Niderlandiya 1-3 Ukraina
24/09 22:00 Valensiya 0-0 Osasuna
24/09 22:00 Sevilya 2-1 Valyadolid
24/09 23:45 Atalanta 2-3 Komo
25/09 00:00 Real Madrid - Alaves
25/09 22:00 Jirona - Rayo Valyekano
26/09 00:00 Barselona - Xetafe
26/09 22:00 Las-Palmas - Betis
26/09 22:00 Espanyol - Vilyarreal
27/09 00:00 Selta - Atletiko

«Visla» yagona qahramon emas...

«Visla» yagona qahramon emas...

Baho:
+ | -

Polshaning 2-divizionida to‘p suradigan Krakovning «Visla» klubi o‘tgan mavsumda mamlakat kubogi turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalda favorit maqomidagi «Pogonya» klubidan ustun keldi va yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Polshaning 2-divizionida to‘p suradigan Krakovning «Visla» klubi o‘tgan mavsumda mamlakat kubogi turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalda favorit maqomidagi «Pogonya» klubidan ustun keldi va yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Va hatto, Yevropa Ligasi 1-saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi 2-raundda ularni birmuncha jiddiyroq raqib - Venaning «Rapid» klubi kutib turibdi. «Visla» xalqaro arenalarda Polsha sharafini himoya qiladigan dastlabki quyi liga vakili emas. Shu paytgacha boshqa jamoalar ham yevrokubok musobaqalarida ishtirok etishgan. Garchi ular uzoqqa bora olmagan bo‘lsalarda, nomdor klublar bilan o‘tgan qiziqarli o‘yinlar ham yo‘q emas.

«Lexiya» (Gdansk, 1983|1984). Futbol  o‘yinidan a’loroq bahs

1982|1983 yillar mavsumida 3-divizionda to‘p surgan «Lexiya» kutilmaganda Polsha kubogi sohibiga aylanib, KEK turniriga 2-divizionga ko‘tarilgan holda yo‘l olgandi. Biroq 1|16 final bosqichi qur’asida omad «Lexiya»dan yuz o‘girib, u «Yuventus»ga qarshi o‘ynashi ma’lum bo‘ldi. U paytda Turin grandi safida Mishel Platini, Zbignev Bonek, Paolo Rossi va Chezare Prandelli kabi afsonalar Jovanni Trapattoni rahbarligida to‘p surishar, «Lexiya»da esa... Gdansk klubi sardori Lex Kulviski bellashuvni shunday izohlagandi: «Bizdagi yagona o‘xshashlik - o‘z mamlakatlarimiz kuboklari sohibi ekanligimiz. Boshqa jihatlar bo‘yicha yer bilan osmoncha farq bor. Biz endi 2-ligaga chiqdik, «Yuve» tarkibida 5 nafar jahon chempioni to‘p surdi. Jumladan, mundialning eng yaxshi to‘purari Paolo Rossi ham».

Italiyadagi uchrashuv 7:0 hisobida yakunlandi. Shu bois, Gdanskdagi bahs shunchaki, rasmiyatchilik bo‘lib qolgandi. Javob uchrashuvida turinliklar Platini, Tardelli va Jentileni maydonga tushirmadilar. Lekin «Lexiya» uchun bu o‘zligini namoyish etish bellashuvi edi.

O‘shanda Polsha murakkab davrni boshdan kechirgan, 1981 yil dekabridan 1983 yil iyuligacha harbiy rejim holatida edi. O‘yin kuni harbiy holat bekor qilindi, lekin huquq-tartibot organlari Gdanskka qo‘shimcha milisiya otryadlarini jo‘natishdi. Xayriyatki, muxlislar o‘rtasida qandaydir tartibsizliklar yuz bermadi, ular asosan, gdansklik Lex Valensa rahbarligidagi «Birdamlik» oppozision partiyasini qo‘llab-quvvatlash bilan band bo‘lishdi.

Bevosita javob uchrashuviga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Lexiya» birinchi bo‘limni sust o‘tkazgan va tanaffusga 0:1 hisobi bilan chiqib ketgandi. Ikkinchi bo‘limda muxlislarning oppozosiyani qo‘llab-quvvatlashlaridan ilhom olgan mezbonlar faol harakatlana boshladi va 50-daqiqada Kovalchik hisobni tenglashtirdi. 65-daqiqada esa Krushinski penaltini golga aylantirib, jamoa­ni oldinga olib chiqdi. Biroq «Lexiya» g‘alabani saqlab qola olmadi, so‘nggi daqiqalarda yana 2ta gol o‘tkazib yubordi. Nufuzli turnirdan barvaqt chiqib ketgan bo‘lsada, mazkur uchrashuv futbolga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, klub tarixidan joy oldi.

«Medz» (1992|1993). Klinsmann penaltidan gol ura olmaydi, Venger esa tribunaga yo‘l oladi 

Bu jamoa 2018|2019 yillar mavsumida Ekstraklas ligasida debyutini nishonlagan, lekin o‘zining ilk va hozircha yagona sovrini - Polsha Kubogini XX asrda qo‘lga kiritgandi. 1992|1993 yillar mavsumida «Medz» Arsen Vengerning «Monako»siga qarshi maydonga tushdi.

Taajjubki, «Lexiya» kabi «Medz»ga ham qur’a omadsiz keldi. Ha, Polshaning 2-ligasi vakili ilk bosqichda KEK turnirining amaldagi g‘olibi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi. Polshalik muxlislar esa faqat Klinsmann, Jorkayeff va boshqa yulduzlar «Medz» darvozasiga nechta gol urishlari xususida bahslashdilar.

Legnisadagi mahalliy stadion UYEFA talablariga javob bermaganligi bois, qo‘shni Lyubinda bo‘lib o‘tgan bahsning 2-daqiqasi Jorkayeff hisobni ochdi. «Monako» esa butun taym davomida atigi bitta zarba yo‘lladi va u golga aylandi. «Medz» ham bitta zarba berdi, lekin gol ura olmadi. Achinarli jihati, Gjegoj Koxanek 11 metrli nuqtadan Jan-Lyuk Ettorini alday olmadi.

Tanaffusdan keyin vaziyat tamoman o‘zgardi. Monegasklar mezbonlar himoyasini yenga olmadilar, Klinsmann durustroq zarba yo‘llay olmadi, Tyuram esa faqat qo‘pollik evaziga raqib hujumchilarini to‘xtata oldi. So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni yiriklashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Hakam ikkinchi marta «nuqta»ni ko‘rsatdi. Klinsmann esa penaltini golga aylantira olmadi, «Medz» posboni bunga imkon bermadi. O‘yindan keyin darvozabon shunday degandi: «Ikkinchi bo‘limda tashabbusga ega bo‘ldik, lekin vaziyatlardan foydalana olmadik. Lekin 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat biz uchun g‘alabaga teng. Axir biz nufuzli sovrinning amaldagi sohibiga qarshi o‘ynadik».

Yana bir qiziqarli voqea o‘yinning 84-daqiqasida yuz berdi: hakam monegasklarni boshqarayotgan Arsen Vengerni tribunaga chetlatdi. Fransiyalik murabbiy hakamning qaroriga quyidagicha izoh bergandi: «Menga nemis tilini yaxshi bilganim xalal berdi. Chunki men bizning o‘yinchimizni qo‘pollik ishlatishda ayblagani uchun hakamga jiddiy e’tiroz bildirgandim».

Shu tariqa dastlabki uchrashuv «Monako»ning minimal (1:0) hisobdagi g‘alabasi bilan nihoyasiga yetdi. Javob uchrashuvida esa tomonlar bir-birlarining darvozasiga yo‘l topa olmadilar va knyazlik klubi keyingi bosqichga yo‘l oldi. Polshaning 2-ligasi vakili esa o‘z nufuzini yo‘qotib qo‘ymadi.

«Pogon» (1965|1966) va «Poloniya» (1980|1981)

Bu ikki jamoa ham 2-divizion vakili maqomida xal­qaro arena - Intertoto Kubogi turnirida ishtirok etishgan. Biroq ularning ishtiroki o‘ta qisqa bo‘lgan. Ya’ni, ular o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinlarda qolib ketishgan va esda qolarli lavhalarni namoyish etishmagan.

Krakovning «Visla»si esa YELning dastlabki saralash bosqichida Kosovoning «Lapi» klubida mehmon bo‘lib, safardan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi va yaqqol ustunlik (birinchi o‘yin - 2:0) bilan ikkinchi bosqichga yo‘l oldi! Demak, Polsha Kubogini qo‘lga kiritishi tasodifiy emas.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:13, 08.08.2024.
O'qildi: 469 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.