Yevrokuboklarga daxldor aqlga sig‘mas telbavorlik. Yevropa Chempionlar Ligasi uchinchi saralash bosqichidan o‘rin olgan «Dinamo» K. - «Reynjers» o‘yiniga tayinlangan hakamlar ishni yo‘l harakati belgisini o‘g‘irlashdan boshlashdi.
Nima? Qanaqasiga? Gap shundaki, ular uchrashuvdan bir kun oldin mast holatda sayrga chiqishdi va...
CHL saralashi uchinchi bosqichidan o‘rin olgan «Dinamo» (Kiyev) va «Reynjers» o‘rtasidagi ilk o‘yin 6 avgust kuni Polshaning Lyublin shahrida bo‘lib o‘tdi. Dastlabki tayinlovga ko‘ra, ushbu uchrashuvda polshalik videohakamlar jamoasi ishlashi kerak edi. VAR hakami - Bartosh Frankovski va VAR assistenti - Tomas Musyal. Biroq o‘yindan bir kun oldin kechqurun mast holatda «qo‘lga tushgan» hakamlar ishdan mosuvo bo‘ldilar. TVP Sport xabariga ko‘ra, voqelik mahalliy vaqt bilan soat 01:43da kuzatilgan. Ta’kidlanishicha, uch kishi yo‘l harakati belgisini o‘g‘irlab, uni savdo markazlaridan biriga olib borgan. Qoidabuzarlik esa videokameralarda muhrlangan. Yakunda polisiya ushbu odamlarni yo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazgani uchun hibsga oldi. Keyinchalik jamoat tartibini buzgan 3 nafar shaxsdan ikkisi CHL doirasidagi «Dinamo» - «Reynjers» o‘yiniga tayinlangan hakam ekanligi aniqlandi. Tekshiruvda Frankovski va Musyal qon tarkibida tegishlicha 1,7 hamda 1,8 promill alkogol borligi oydinlashgan. Oqibatda har ikkisi hushyorxonaga olib ketilgan.
Voqeadan xabar topgan UYEFA darhol hakamlarni almashtirdi: Frankovski - Musyal juftligi o‘rnini polshalik boshqa hakamlar Tomash Kvyatkovski - Pavel Males ikkiligi egalladi. «Taxminan soat 01:40da uch kishi ko‘cha bo‘ylab yo‘l harakati belgisini ko‘tarib ketayotgani haqida xabar oldik, - dedi Lyublin polisiyasi matbuot kotibi Kamil Golubevski. — Voqea joyiga zudlik bilan polisiyachilar yuborildi. Barcha erkaklar mast edilar, qon tarkibida me’yoridan ortiq alkogol borligi aniqlandi. Shuning uchun ularni hushyorxonaga joylashtirdik». Polsha Hakamlar departamenti rahbari Tomas Mikulski esa ushbu g‘alati voqeadan bexabar qolganini alohida ta’kidladi.