Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xarri Keynga bolalarcha 11 savol

Xarri Keynga bolalarcha 11 savol

Baho:
+ | -

«Bavariya» hujumchisi Xarri Keyn KIDS MAGAZINE jurnali mehmoni bo‘lib, KIDS Club a’zolari yo‘llagan oddiy savollarga bafurja javob berdi.

Ya’ni Angliya milliy jamoasi sardori hech shoshilmadi, o‘z hayoti, Myunxendagi birinchi mavsumiga oid qiziqarli ma’lumotlar haqida ochiq-oydin gapirib berdi.

- Xarri, agar professional futbolchi bo‘lmaganingizda, qaysi yo‘nalishni tanlardingiz?

- Golf o‘yiniga mehrim juda baland, ehtimol, shu sport turi bilan professional darajada shug‘ullanarmidim...? Shuningdek, Amerika futboliga ham befarq emasman, hozir ham MFL o‘yinlarini kuzatib boraman. O‘ylashimcha, ushbu yo‘nalish ham men uchun rosa mos kelardi.

- Bolaligingizda aynan kimga eng sevimli futbolchi sifatida qaragansiz?

- Boshida Angliya milliy jamoasi hujumchisi Teddi Sheringemga havas qilganman, uning o‘yinlaridan zavq olardim. Keyinchalik Devid Bekxem kabi estetik ijrochilar chin kumirlarim qatoriga qo‘shilishdi. Deylik, ko‘chada Bekxem ko‘rsatgan har bir tryukni takrorlashga urinardim, shuningdek, uning kunlik tartibidan ko‘chirma olganman. Endi esa o‘zim ko‘plab bolalar uchun namuna ekanligimni teran tushungan holda, har tomonlama ijobiy taassurot qoldirishga harakat qilyapman.

- Sevimli musiqangiz qaysi, o‘yinlardan oldin aynan nimalarni tinglaysiz?

- Ed Shiran - men uchun eng sevimli qo‘shiqchilardan biri. Qolaversa, Teylor Svift va Adel taronalarini ham maroq bilan tinglayman. Alohida asarlarga kelsak, «Vagon g‘ildiragi»ni eshitishdan aslo zerikmayman. O‘yinlar arafasida esa odatda tezkor ritmli musiqalarni tanlayman.

- Aytingchi, «Bavariya»ga o‘tishingizning asosiy sababi nima?

- Har doim tobora takomillashish, rivojlanish va shaxsiy imkoniyatlarni kengaytirish yo‘lidan borishni istaganman. Oddiy aytganda, hamisha eng yuqori darajada o‘ynash, Chempionlar Ligasida ishtirok etish va albatta, sovrinlar uchun kurashishni xohlayman. Sir emas, «Bavariya» safiga qo‘shilish bilan bunday imkoniyatlarni ancha kengaytirdim.

- Qaysi klubdoshingiz bilan eng yaxshi munosabatdasiz, deylik, avtobusda kimning yonida o‘tirasiz?

- «Bavariya»da ko‘plab do‘st­lar orttirishga ulgurdim. Xususan, Tomas Myuller bilan golf­da bahslashishni yaxshi ko‘raman. Erik Dayerni esa «Tottenxem»dagi davrdan yaxshi bilaman va biz yaqin do‘stlarmiz. Avtobusda ko‘pincha aynan uning yonida o‘tiraman. Leroy Sane va Jamol Musiala bilan o‘ynash juda yoqimli. Ular bilan maydonda qanday aloqa o‘rnatgan bo‘lsak, tashqarida ham shunday. Yana ba’zan Joshua Kimmix shaxmat o‘yiniga chorlab turadi.

- Nemis tilida yomon gaplashmayapsiz. Miyangizga o‘rnashgan ilk bavarcha ibora qaysi?

- Haftasiga 1-2 marta nemischadan saboq olyapman. Chunonchi, bu tilni iloji boricha puxtaroq o‘rganishga kirishganman. Bavariyada men yod olgan birinchi mahalliy ibora - bu «Servus».

- Sevimli taomingizga ham to‘xtalsangiz. Ilgari Bavariya taomlarini tatib ko‘rganmidingiz?

- Eng sevimlilari - steyk va kartoshkali fri. Har ikki taom menga Angliyani eslatadi. Biroq steyk va frini alohida kunlarda iste’mol qilaman, xolos. Chunki mash­g‘ulotlar va o‘yinlar tartibi zich, shunday ekan, sog‘lom ovqatlanishga katta e’tibor qaratishim shart. Bavariyaning odatiy taomlari, xususan, oq kolbasani ham tatib ko‘rdim, albatta. Unga tashqi ko‘rinishiga qarab baho bermaslik kerak ekan - juda totli yegulik.

- Bundesligadagi ilk mavsumdayoq eng yaxshi to‘purar bo‘lish qanday ekan?

- Bunday maqomlar bilan har doim faxrlanaman. To‘g‘risi, Germaniyadagi birinchi mavsumdayoq bosh to‘purarga aylanishni sira o‘ylamagandim. Barchasi - mehnatsevarlik va yuksak ishonch samarasi.

- O‘zingiz uchun eng chiroyli golni aniqlab oldingizmi?

- «Verder»ga qarshi o‘yinda urilganini alohida qadrlayman. Axir bu «Bavariya» libosidagi ilk golim hisoblanadi. Phonzy (Alfonso Devis)­ning zargarona uzatmasiga chiroyli nuqta qo‘ygandim. Qolaversa, o‘sha golni Bundesligadagi debyut o‘yinimda urdim. Shuning uchun uning ahamiyati boshqacha. Tabiiyki, «Darmshtadt» bilan o‘yinda maydonning qoq o‘rtasidan urgan golimni ham ko‘p eslayman.

- Qiziq, «xet-trik»lardan keyin o‘zingiz bilan olib ketilgan to‘plarni qayerda saqlaysiz?

- Har bir «xet-trik»dan keyin kiyinish xonasida jamoadoshlarimdan to‘pga imzo chekib berishlarini so‘rayman va uyga olib ketaman. Bunday to‘plarni saqlash uchun maxsus burchak hozirlab qo‘yganman. Har bir to‘p o‘ziga xos tuyg‘ularni eslatib turadi. Yoqimli kolleksiya.

- Faoliyatingizda aynan qanday unvonga ega bo‘lishni xohlaysiz? Yangi mavsum uchun asosiy maqsadingiz...?

- Bosh orzum - klubim bilan Bundesliga va CHL sovrinlarini qo‘lga kiritish. Terma jamoa bilan ham yirik turnirlarda g‘alaba qozonishni istayman, albatta. Yangi mavsum uchun maqsad? Iloji boricha ko‘proq gol urish va sov­rinlarga ega chiqish.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:49, 05.09.2024.
O'qildi: 1232 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.