Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/12 00:45 Empoli - Torino
14/12 01:00 Valyadolid - Valensiya
14/12 18:00 Espanyol - Osasuna
14/12 19:00 Kalyari - Atalanta
14/12 20:00 Arsenal - Everton
14/12 20:00 Vulverhempton - Ipsvich
14/12 20:00 Nyukasl - Lester
14/12 20:00 Liverpul - Fulhem
14/12 20:15 Malyorka - Jirona
14/12 22:00 Udineze - Napoli
14/12 22:30 Nottingem Forest - Aston Villa
14/12 22:30 Sevilya - Selta

Mitti shaharlarning dongdor klublari

Mitti shaharlarning dongdor klublari

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Futboldagi yozilmagan qoidaga ko‘ra, eng nomdor futbol klublari yirik shaharlardan joy olishgan.

Biroq jamoatchilik o‘rtasida keng tarqalgan hikmatda to‘pning dumaloq, maydonning tekis ekanligi zikr etilgan. Ya’ni, jajji shaharchalar sharafini himoya qiladigan jamoalar orasida nufuzli sov­rinlarni qo‘lga kiritganlari ham yo‘q emas.

«BERI» (Angliya)

2019 yilda Berini larzaga keltirgan moliyaviy tanglik 125 yillik tarixga ega bo‘lgan «Sheykers» klubining tarqalib ketishiga sabab bo‘ldi. Katta Manchesterda o‘zining lazzatli kolbasalari bilan tanilgan bozor shaharchasi ikki marta - 1900 yilda «Sautgempton»ni, 1903 yilda «Derbi»ni mahv etib, Angliya Kubogini qo‘lga kiritgandi.

«RODA» (Niderlandiya)

Mamlakatning janubi-sharqida joylashgan Kerkrade shahri klubi 4 yilda ikki marta (1997 va 2000) Niderlandiya Kubogini qo‘lga kiritgan. 1962 yilda «Roda Sport» va «Rapid» jamoalarining birlashuvidan shakllangan «Roda» 1994|95 yillar mavsumida Erediviziyening kumush medallari sohibi bo‘lgan.

«ZAGLEMBE LYUBIN» (Polsha)

70 000 nafar aholiga ega bo‘lgan shaharcha nomidagi jamoa 2007 yilda ikkinchi marta Polsha chempioni bo‘lgan. 1990|91 yillar mavsumida «Zaglembe» YECHK turnirida ishtirok etgan, Polsha futboli uchchala oliy maqomdagi musobaqalarida ham bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan va bir necha marta mamlakat kubogi turniri finalida maydonga tushgan.

«OSTERS IF» (Shvesiya)

70-80 yillarda shved futbolining atoqli jamoalaridan biri bo‘lgan «Osters IF» klubi o‘z kolleksiyasidagi 4ta chempionlikdan 3tasini 1978-1981 yillar oralig‘ida qo‘lga kiritgan. 1977 yilda ilk bor milliy kubok sohibiga aylangan jamoa o‘z hududidagi Shvesiya oyna muzeyi bilan tanilgan Vekshyo shaharchasi sharafini himoya qiladi. Xayriyatki, muzey «Osters IF» klubining «Visma Arena» stadionidan xavfsiz hududdan o‘rin olgan.

«LA SHO-DE-FON» FK (Shveysariya)

Alp tog‘lari bag‘ridagi badavlat o‘lkada chempionlik unvoni uzoq yillar davomida qo‘lma-qo‘l bo‘lib yurdi. «La Sho-de-Fon» futbol klubi muvaffaqiyatga erishgan jamoalarning biri hisoblanadi. Mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududida, Fransiya chegarasi yaqinida joylashgan jamoa 1954, 1955 va 1964 yillarda shohsupani zabt etgan. Bundan tashqari, 6 marta Shveysariya Kubogining sohibi bo‘lgan.

«DANDOLK» (Irlandiya)

Dandolk - maydoni jihatidan mamlakatning 7-shahri. Lekin uning klubi Dublinning «Shemrok Rovers» jamoasidan boshqa barcha raqiblariga nisbatan ko‘proq chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritgan. 1963|64 yillar mavsumida YECHK turnirida Shveysariyaning «Syurix» klubini safarda mahv etgan «Liliuayts» 1933 yilda birinchi marta Irlandiya chempioni bo‘lgandi. 2014 yilda esa jamoa oltin medallari sonini 10taga yetkazib oldi.

«LUDOGORES» (Razgrad, Bolgariya)

2011|12 yillar mavsumi startiga qadar Razgrad klubi biron-bir nufuzli sovringa erisha olmagandi. Keyin qatorasiga 13 marta jamoa chempionlikka erishdi. Taxminlarga ko‘ra, klub sohibi Kirill Domuschiyevning boyliklari misli ko‘rilmagan gegemonlikka aloqadordek. Biroq bu Razgradning jajjigina (aholisi 30 000 kishi) shaharcha ekanligiga monelik qila olmaydi.

«SOSHO» (Fransiya)

1930 yillarda 2 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan va ilk bor Fransiya Kubogi sohibi bo‘lgan «Sosho» Shveysariya bilan chegaradosh Monbelyar shahrida faoliyat yuritadi. 2007 yilda jamoa yana Kubok sohibiga aylandi. Uning 20 000 muxlisga mo‘ljallangan uy stadioni «Stad Ogyust-Bonal» shahar aholisini bemalol sig‘dira oladi.

«NOVEZE» (Italiya)

Hozir jamoa Italiya futbolining quyi ligalarida to‘p surmoqda. Lekin 1921|22 yillar mavsumida Novi-Ligure klubi Skudettoni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

«VAYLE» (Daniya)

Mamlakatning eng sovrindor jamoalaridan biri. U Daniya oliy divizioni va mamlakat Kubogi musobaqalarida ko‘pchilik jamoalardan o‘zib ketgan. O‘z vaqtida uning safida 1977 yilda «Oltin to‘p» sov­riniga sazovor bo‘lgan Allan Simonsen to‘p surgan. Qit’a­ning ko‘pgina yirik turnirlarida qatnashgan jamoa 1977|78 yillar mavsumida Kubok egalari Kubogi musobaqasida chorak finalgacha yetib borgandi.

«MOLDE» (Norvegiya)

Hukmronlik bobida «Rusenborg» bahslasha oladigan «Molde» asrimizning dastlabki 20 yilida shiddatli parvozni namoyish etdi. 2011-2022 yillar oralig‘ida jamoa 5 marta shohsupani zabt etdi, 2023 yilda esa oltinchi Norvegiya Kubogini o‘z kolleksiyasiga qo‘shib qo‘ydi. Ule Gunnar Sulsher va Erling Xoland kabi afsonalar aynan shu jamoada to‘p surishgan.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 03.10.2024.
O'qildi: 1294 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.