Braziliyalik Neymarning transferi Saudiya Arabistoni futboli chin grandi «Al-Hilol»ga juda-juda qimmatga tushayotgani o‘z-o‘zidan tushunarli.
Mana, jarohat tufayli 1 yil «dam» olgan qimmatbaho futbolchi maydonga qaytgach, 2tagina to‘liqsiz o‘yindan so‘ng yana «lazaret»ga o‘tirdi. Klub bayonotiga ko‘ra, haytovur bu safar Neymarning tiklanishi uchun 4-6 hafta vaqt ketadi. Tekshiruvlarda uning son mushaklari jiddiy shikastlangani aniqlandi. Ma’lumot uchun, «Al Hilol» braziliyalik yulduzni o‘tgan yili avgust oyida «PSJ»dan 90 mln. yevroga sotib olgandi. Boz ustiga, Neymarning yillik maoshi 160 mln. yevroni tashkil qiladi.
Endi «Al-Hilol» Neymardan tezroq qutulish haqida bosh qotirmoqda. Chunonchi, klub vakillari u mavsumning qolgan qismida kutilgan darajada yordam bera olishiga ishonishmayapti. Xullas, «Al-Hilol» yanvarda Neymar bilan shartnomani bekor qilish yuzasidan muzokara boshlashni rejalashtirmoqda. Aytish kerak, tizza jarohati tufayli 1 yil o‘ynamagan Neymar oktyabr oyida maydonga qaytdi va 2ta uchrashuvda jami 43 daqiqacha harakatlandi. Ayrim manbalarda yozilishicha, «Al-Hilol» braziliyalik bilan orani ochiq qilsa, «Al-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduni o‘z tomoniga og‘dirish harakatini boshlaydi.
Fakt. 32 yoshli Neymar oxirgi 10 yil davomida naq 1260 kunni jarohat tufayli maydondan tashqarida o‘tkazdi. Bu qariyb 3,5 yilga teng.
4 noyabr kuni Elit OCHL doirasida «Istiqlol»ga qarshi kechgan o‘yin arafasida Neymar maydonga tushishdan oldin muxlislar bilan qo‘l berib ko‘rishgani va ulardan biri futbolchining qimmatbaho uzugini o‘g‘irlab olgani haqida xabarlar, shuningdek, videolavhalar tarqalgandi. Taqinchoq 14792 yevro bilan sotuvga chiqarilgani ham ma’lum qilindi. Lekin braziliyalikning o‘zi buni inkor etdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi