Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Saidazamat Mirsaidov: «O‘zimga qolsa, «Navbahor»dan ketmayman»

Saidazamat Mirsaidov: «O‘zimga qolsa, «Navbahor»dan ketmayman»

Baho:
+ | -

Aytish shart emas, vodiy, xususan, Namanganda futbolga qiziqish yuqori darajada.

Deylik, «Navbahor» mamlakatimizda muxlislar tashrifi bo‘yicha hamisha yetakchi o‘rinlardan joy olib keladi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda klub muxlislari tomonidan tashkil etilgan guruh va kanallar ham talaygina. Mavsum yakunida shunday guruhlardan biri «Navbahor» rasmiy fan-klubi» kanalida jamoa himoyachisi Saidazamat Mirsaidov bilan samimiy muloqot uyushtirdi. Quyida shu suhbatning yozma shakli e’tiboringizga havola etilmoqda.

- Saidazamat, «Navbahor» safida o‘ynayotganingizdan bag‘oyat mamnunmiz. Eshitishimizcha, davralar oralig‘ida xizmatingizga «Paxtakor» ham jiddiy qiziqqan edi. Aytingchi, aynan Namangan klubi taklifini qabul qilishingizda qaysi jihat bosh omil bo‘ldi?

Ha, chindan ham, «Paxtakor» sobiq klubim - «Olimpik»ning bir qator yetakchilari qatori menga ham taklif bilan chiqqandi. Ammo muzokara jarayoni yakuniy bos­qichgacha yetib bormadi. Bu orada «Navbahor» vakillari ancha ishonarli kelishuv asosida chaqirishdi va yakunda Namanganda o‘ynashni ma’qul ko‘rdim.

Aslida «Paxtakor» maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanasiz. Ammo faoliyatingizni boshqa klublarda davom ettirmoqdasiz. Buning sababi ko‘pchilik uchun qiziq...

«Paxtakor»dan 2020 yil oxirida ketganman. O‘shanda yoshlar jamoasida o‘ynardik. Mavsum yakunlangach, bir qator safdoshlarim va bizni uzoq vaqt shug‘ullantirgan murabbiylarimiz boshqa jamoalarga yo‘l olishgandi. Xullas, sheriklarimdan ayrilgach, men ham «Paxtakor» tizimida qolishni istamadim. Bu orada «Olimpik» loyihasi boshlandi va faoliyatimni Temur Kapadze qo‘l ostida davom ettirdim.

- «Navbahor» muxlislari sizni kelasi yili ham jamoada ko‘rishdan umidvorlar. Bu borada shaxsiy rejalaringizni oshkor eta olasizmi?

Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, amalda yana 1 yillik shartnomam bor. Agar rahbariyat «Navbahor»da faqat mahalliy futbolchilarni o‘ynatish yo‘lidan bormasa, unda kelasi mavsum ham Namanganda to‘p suraman. Ayni payt boshqa klublardan ham takliflar tushmoqda, lekin o‘zimga qolsa, hozircha «Navbahor»dan ketmayman.

- Jamoa «Andijon»ga qarshi kechgan kubok finalida burchak zarbalaridan so‘ng gollar qo‘yib yubordi. Aksiga olib, raqibning uchinchi goli bilan tugagan standart vaziyatga siz sababchi bo‘ldingiz. Aslida o‘sha holatda to‘pni burchak emas, yon chiziq tomon tepib yuborish ham mumkin edi-ku...

Tan olaman, maydondagi holatni baholashda shoshilib qoldim, lekin burchak zarbasi mutlaqo boshqa epizod-ku. Deylik, men tufayli penalti belgilangani yo‘q yoki raqibga to‘pni oldirib ham qo‘ymadim... To‘pni burchakdan o‘yinga kiritilishi - bu mohiya­tan yangi epizod. Shunday ekan, «Andijon»ning uchinchi golida yolg‘iz meni ayblash unchalik to‘g‘ri emas. O‘sha kuni standart vaziyatlarda mutlaqo ishonchsiz harakatlanganimiz esa ayni haqiqat. 

- Kubok finali faoliyatingizdagi eng alamli o‘yin bo‘lsa kerak...

- Hozirga qadar finalda ikki marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdim. Eng og‘riqlisi darhaqiqat, Farg‘onadagi o‘yin.

- «Navbahor»ning bir o‘yinda beshtalab gol urishini anchadan buyon ko‘rmayotgandik. Mavsum yakuniga kelib mahsuldorlik keskin oshgani o‘yin uslubi o‘zgarganiga bog‘liqmi yoki...?

- E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, ikkinchi davrada ancha hujumkor va ochiq futbol namoyish etdik. Biroq ba’zi uchrashuvlarda vaziyatlardan samara chiqarishda oqsadik. So‘nggi turlarda esa bu borada omadimiz chopdi. Ehtimol, murabbiy ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajara boshlagandirmiz, balki finish marrasida o‘yinimiz ham mukammal darajada shakllangandir...

- «Navbahor»ga sobiq ustozingiz Temur Kapadzening kelishi ehtimoli haqida gap-so‘zlar ko‘paygandi. Sizning­cha, nisbatan yaxshi natijalar qayd etgan Sergey Lushanga ishonch bildirish kerakmi yoki yangi mavsumga Kapadze boshqaruvida tayyorgarlik ko‘rish maqsadga muvofiq?

- O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, Sergey Lushan qisqa vaqt­da «Navbahor» natijalarini ancha yaxshiladi. Qolaversa, u o‘sib kelayotgan yoshlarga qo‘rqmasdan ishonch bildirdi. Klubning kelgusi rejalari ham ayni shu tamoyilga asoslangan. Ya’ni «Navbahor»ni qaysi murabbiy boshqarishidan qat’iy nazar, kelasi yilgi reja va maqsadlar aniq belgilangan. Menimcha, har ikki murabbiy tanlangan ushbu strategiya asosida samarali ish yurita oladi. Menga qolsa, xalqaro o‘yinlar orqali katta tajriba to‘plagan Temur Kapadze kelishini xohlardim, shuning barobarida Lushan bilan ishlashni davom ettirish ham yomon emas.

- Tasavvur qilaylik, Temur Kapadze «Navbahor»ga kelsayu, sizga xorijdan yaxshi taklif tushsa, qanday yo‘l tutardingiz?

- Qaytaraman, jamoa bilan hamkorligimiz yana 1 yil davom etishi kerak shartnoma bo‘yicha. Xullas, xorijdan taklif tushsa ham, Namanganda qolardim, baribir. 

- Aslida mavsum boshidayoq «Navbahor» safiga qo‘shilishingiz mumkin edi. Biroq «Olimpik» rahbariyati sizni qo‘yib yubormadi...

- Ha, nafaqat men, balki «Olimpik»dagi ko‘plab futbolchilar boshqa klublar bilan kelishuvga erishib bo‘lishgandi. Yakunda O‘FA tashabbusi bilan barcha yigitlar ort­ga qaytarildi. O‘z navbatida biz ham bundan ko‘zlangan maqsadni tushundik. Zero, Osiyo kubogi va Olimpiada oldidan jamoa a’zolari yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlari, o‘zaro birdamlikni yanada yaxshilash muhim edi. Xullas, shu omil tufayligina bizni yana yarim mavsum «Olimpik»da ushlab turishdi. Bor gap shu.

- Milliy jamoamiz JCH-2026 saralashi uchinchi bos­qichi 5-turidan o‘rin olgan Qatar termasiga qarshi uchrashuvda alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Sizningcha, Doxadagi o‘sha o‘yin natijasiga hakamlar chindan ham, ta’sir o‘tkazishdimi? 

- Yo‘q, menimcha. O‘sha o‘yinda vakillarimiz 0:2 hisobida yutqaza turib, ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklash uddasidan chiqishdi. Shundan so‘ng murabbiylar shtabi durang natijani saqlab qolishni ma’qul ko‘rdi, shekilli, taktik o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Nazarimda, ayni shu qaror noto‘g‘ri bo‘ldi va bu mag‘lubiyatga olib keldi.

Terma jamoamizning Olimpiadadagi ishtirokidan qanday tassurotlar qoldi?

- Mazkur musobaqada birinchi marta qatnashdik va menimcha, yomon taassurot qoldirmadik. Agar 2-turda misrliklarni yenga olganimizda, keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilardik. Turnirdagi ishtirokimiz qanday chiqishi asosan shu o‘yin natijasiga bog‘liq edi. Afsus, eng muhim pallada omad yuz o‘girdi. Shunga qaramay, Olimpiada faoliyatimizda chuqur iz qoldirishi muqarrar.

Xurshid YUSUPOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 28.12.2024.
O'qildi: 708 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.