"Barselona" vingeri Markus Reshford Angliya terma jamoasining Andorraga qarshi kechgan uchrashuvida ishtirok etdi. 27 yoshli futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushdi va "uch sherlar"ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvning 68-daqiqasiga qadar harakat qildi. Opta xabariga ko‘ra, Reshford "Barselona" tarixida Angliya terma jamoasida o‘ynagan ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Birinchisi mashhur Gari Lineker (1986 yildan 1989 yilgacha).
Markus Reshford Kataloniya klubi tomonidan "Manchester Yunayted"dan sotib olish sharti bilan joriy mavsum yakuniga qadar ijaraga olingan. Umumiy hisobda "qizil iblislar" tarbiyalanuvchisi Angliya terma jamoasi safida 63 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urgan.













