«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot Angliya Premyer-ligasidagi chempionlik uchun kurash haqida fikr bildirdi.
Shanba kuni mersisaydliklar o‘z maydonida «Aston Villa»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, mag‘lubiyatlar seriyasiga chek qo‘yishdi. «Qizillar» jadvalda yettinchi o‘rindan uchinchi pog‘onaga ko‘tarilishdi, ammo yetakchi «Arsenal» bilan farq o‘zgarmadi — yetti ochko. Xuddi shu kuni «kanonirlar» ham «Byornli»ni 2:0 hisobida yutishgan edi.
«Chempionlik uchun kurashmi? Hozir bu haqda o‘ylamayman, ammo ehtimol, biz uchun yetakchi o‘rinda “Arsenal”ning bo‘lishi “Manchester Siti”ga nisbatan foydali», — dedi Slot TNT Sportsga bergan intervyusida.
Xosep Gvardiola boshqarayotgan jamoa o‘z o‘yinini bugun o‘tkazadi — raqib «Bornmut», u jadvalda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. «Shaharliklar» hozircha sakkizinchi pog‘onada, «Arsenal»dan to‘qqiz ochkoga ortda, ammo bir o‘yin zaxirasi bor.













