Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/12 00:45 Bolonya 0-1 Yuventus
15/12 01:00 Alaves 1-2 Real Madrid
16/12 00:45 Roma 1-0 Komo
16/12 01:00 Rayo Valyekano 0-0 Betis
16/12 01:00 Man. Yunayted 4-4 Bornmut

Usmonali Ismonaliyev: «Jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shishga bor kuchim bilan harakat qilaman»

Usmonali Ismonaliyev: «Jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shishga bor kuchim bilan harakat qilaman»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, «Andijon» klubi uchun joriy yilgi mavsum hali yakuniga yetmagan. Boisi, 24 dekabr kuni jamoani Qatarda Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi doirasida «Al-Ahli»ga qarshi juda muhim uchrashuv kutib turibdi.

«Burgutlar» bo‘lajak o‘yinga Toshkentda astoydil tayyorgarlik ko‘rishmoqda va butun e’tibor 24 dekabr oqshomida o‘tadigan bellashuvga qaratilgan.

«Andijon»ning yetakchi o‘yinchilaridan biri Usmonali Ismonaliyev «Al-Ahli»ga qarshi bo‘ladigan juda muhim o‘yinga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

— «Andijon» jamoamizni oldida ikkita muhim o‘yin turgandi. Hayriyatki, safarda «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinni g‘alaba bilan yakunladik. Endi esa oldimizda Qatarda «Al-Ahli»ga qarshi yana bir jiddiy uchrashuv qarshisidamiz. Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik qanday kechayotgani, jamoani kayfiyati, umuman muhimlilik darajasidan kelib chiqib nimalarni ayta olasiz?

— Xudoga shukr, «Bunyodkor»ga qarshi o‘yindan keyin yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Jamoamizni saqlab qoldik va endi OCHL bahsiga tayyorlanyapmiz. Orada bir haftalik damga chiqqandik. Shundan keyin yana astoydil hozirlik ko‘rishga kirishganmiz. Bo‘lajak o‘yin ular uchun ham, lekin ko‘proq biz uchun juda zarur. Ko‘proq ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz. Xudoga shukr, tayyorgarligimiz zo‘r bo‘lyapti. Jarohatdagilar ham tarkibga qaytishyapti. Hammaga tayyorgarlik jarayonida o‘z holatiga kelib olish uchun vaqt bo‘lyapti. Biz raqibdan qo‘rqmayapmiz. Barcha uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsak, bu safargisiga ham shunday va yanada ko‘proq mas’uliyat bilan tayyorlanyapmiz.

— Darvoqe, «Bunyodkor»ga qarshi o‘yindagi chiroyli golingiz barchamizni yodimizda saqlanib qoldi. O‘sha golingizga qanday ta’rif berasiz? Masalan, faoliyatingizdagi eng chiroyli golingizmi?

— Xudoga shukr, o‘zim uchun ham yaxshi bo‘ldi. Faoliyatim davomidagi eng chiroyli gollarimdan biri desam ham bo‘ladi. Muhim gollarni ham ko‘p urganman. Hozircha chiroylirog‘i bunisi. O‘zim uchun eng kerakli uchrashuvdagi eng muhim gol deb hisoblayman. Chunki o‘shanda biz 2:1 hisobida g‘alaba qozondik.

— «Al-Ahli» bilan uchrashuvda ham gol urishingizga ishnayotgandirsiz-a?!

— Balki bitta, balki ikkita gol hal qilar. Gol baribir g‘alabaga olib keladi. Golni men uramanmi yoki boshqasimi, farqi yo‘q. Lekin raqib darvozasini ishg‘ol etishga harakat qilaman. Jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shishga bor kuchim bilan harakat qilaman.

— OCHL 2 musobaqasining guruh bosqichidagi oxirgi o‘yinimiz hisoblanadi. «Al-Ahli»ga qarshi Andijondagi uchrashuvdan keyin raqib borasida qanday taassurotlar qolgan? Aytaylik, qatarliklarni plyus va minus tomonlari nimada?

— Ularni deyarli barcha nuqtalari kuchli, ammo bizda ham kuchli. Faqat raqibda biroz tajribaliroq. Shunga qaramay, ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Bizdan ikki-uch barobar ustun joyi yo‘q. Chunki biz Qatarga g‘alabaga ishonib boramiz. Ko‘rdinglar, o‘z uyimizda 0:0 o‘ynadik. Balki o‘shanda ham yutishimiz mumkin edi. Bizda bir qancha imkoniyatlar bo‘lgan. Qatarga yuqori kayfiyatda borib, yaxshi natija bilan qaytishga harakat qilamiz. Bu oxirgi o‘yin va biz uchun final. Yutsak keyingi bosqiga chiqamiz, durang ham bizni qoniqtirmaydi. Bungacha 5 ta o‘yinda durang o‘ynadik, ammo yutadigan o‘yinlarimiz ham bo‘lgan. Masalan, o‘z uyimizda «Arkadag»ga qarshi uchrashuvda golimizni hisoblashmadi, xato qilishdi. Bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘lgandi. O‘sha uchrashuvgacha biz har 4-5 kunda o‘ynayotgandik. «Al-Ahli»ga qarshi o‘yingacha esa biz ancha dam oldik. Xudo xohlasa, Qatardagi bellashuvga oldingilardanda kuchliroq tayyorlanib boramiz.

Manba: https://t.me/andijonpfc
Kiritildi: 08:30, 16.12.2025.
O'qildi: 720 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.