Tehron klubi direktori Paymon Haddodiy jamoaning yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolash jarayoni va Hojiakbar Alijonovning ehtimoliy transferi bo‘yicha tafsilotlarni ma’lum qildi. Haddodiy so‘zlariga ko‘ra, tomonlar futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga yaqin bo‘lgan, ammo noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishi sabab muzokaralar to‘xtab qolgan.
“Dastlab, Alijonov bo‘yicha “Paxtakor” klubiga rasmiy maktub jo‘natildi. Toshkent klubi futbolchining transferi uchun 800 ming dollar talab qildi, biz esa 400 ming dollar to‘lashga tayyor ekanligimizni ma’lum qildik. Oxir-oqibat, 600–650 ming dollar atrofida kelishuvga erishdik. Ruxsat olgan holda, futbolchining o‘zi bilan muzokaralarga kirishdik va unga ‘1,5+1’ shaklidagi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdik”, dedi Haddodiy.
Uning ta’kidlashicha, internetda klub hamda mamlakat obro‘siga zarar yetkazish maqsadida turli shaxslar futbolchiga va hatto uning onasiga noto‘g‘ri ma’lumotlar, turli videolar yuborgan. Shu sababli, muzokaralar vaqtincha to‘xtab qolgan:
“Shu darajaga borishdiki, O‘zbekiston klubi kelishilgandek mablag‘ni bo‘lib to‘lash emas, bir yo‘la to‘lash talabini qo‘ydi. Men hatto xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdim. Ammo baribir ular ikkilanayotgani sezilib turgandi. Ehtimol, ular Alijonovni Jahon chempionatidan keyin yaxshiroq summa evaziga sotishni rejalashtirmoqda”, dedi “Persepolis” klubi direktori.
Shuningdek, Haddodiy klubga erkin agent sifatida qo‘shgan hujumchi Igor Sergeev haqida ham ma’lumot berdi. Sergeev bilan bir yarim mavsumga mo‘ljallangan shartnoma tuzilgan. Shuningdek, Igor Sergeev bir yarim mavsumlik shartnoma bo‘yicha 1,5 million dollar maosh oladi.













