Endilikda "O‘zbekiston Kubogi va Superkubogi reglamenti” taqdim etilmoqda.
Milliy terma jamoaning may oyidagi yig‘ini sabab Superligada katta bo‘shliq yuzaga keladi. Yetti yuzga yaqin futbolchi bir necha oy o‘yin amaliyotisiz qolmasligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kubogida guruh bosqichi formati saqlab qolinadi va u 5 may sanasidan e’tiboran yuzaga kelayotgan tanaffus o‘rnini qisman to‘ldiradi.
Fabio Kannavoro boshchilik qilayotgan milliy jamoa may oyida nafaqat Superliga futbolchilari bilan yig‘inga kiradi, balki chempionatning uch klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etadi. Tabiiyki, bir qator yetakchi klublar asosiy futbolchilarini terma ixtiyoriga yuboradi. Mana shu klublarning kubokdagi manfaatlarini inobatga olib, 2026 yilda guruh bosqichi qur’asi oldidan ishtirokchilar savatlarga bo‘linadi. Bunda Superliganing so‘nggi mavsumini dastlabki sakkiz o‘rinda yakunlagan klublar 1-savatdan joy oladi va guruh bosqichida o‘zaro raqib bo‘lmaydi. 9-15 o‘rin egalari hamda "Lokomotiv" klubi 2-savatni to‘ldiradi. Pro liga va Birinchi liga klublari mos ravishda keyingi savatlardan o‘rin oladi.
Katta tanaffusni qisqartirishning ikkinchi chorasi sifatida iyul oyining so‘nggi 10 kunligi ham qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Mavsumning ikkinchi qismi taqvim uchun murakkab bo‘lib, undan 2 ta FIFA kuni, shuningdek, "Neftchi" va "Paxtakor" klublarining Chempionlar Ligasidagi o‘yinlari joy olgan. Qo‘shimchasiga, kelasi yilning yanvar oyida Osiyo kubogi start oladi va milliy jamoa unga ham tayyorgarlik olib borishi lozim. Shundan kelib chiqib, mavsumni iloji boricha ertaroq yakunlash uchun turlar oralig‘idagi tafovutlarni kamaytirish lozim edi. Buni inobatga olib, Liga Superliganing o‘tish o‘yinlari hamda O‘zbekiston Kubogining yarim final va final bosqichlarini markazlashtirilgan holda tashkil etishni rejalashtirgan. Faqatgina shu yo‘l orqali ishtirokchi klublar aniq lokasiyani oldindan bilishi va marshrutni shunga ko‘ra avvaldan rejalashtirishi, shuningdek, qisqa vaqt ichida ketma-ket o‘yinlarda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.













