Bir necha yillik tanaffusdan so‘ng "Qo‘qon-1912"ga qaytgan Javohir Sidiqov klub matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
- Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana qadrdjon jamoamizga qaytdingiz. Umuman olganda, Qo‘qonga qaytish taklifi qachon sodir bo‘ldi va taklif tushganda birinchi bo‘lib xayolingizga nimalar keldi?
- Assalamu alaykum. Rahbariyat bilan gaplashganimda, ular meni jamoada ko‘rish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi. "Qo‘qon-1912" jamoasiga hurmatim va mehrim boshqacha. Jamoadan faqatgina yaxshi xotirlar qolgan. Shu sababli sobiq jamoamga qaytishga qaror qildim.
- Sizda Superliganing bir qator jamoalaridan takliflar bor edi. Nima uchun aynan Qo‘qonga qaytishni tanladingiz?
- Avvalo, jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgani ma’qul keldi. Jamoada katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda, shuningdek, avvalroq ta’kidlaganimdek, ushbu jamoaga bo‘lgan mehrim o‘zgacha. Ushbu jamoa katta futbolga kirib kelishimga va katta futbolchi sifatida o‘sishimga katta turtki bergan. Shu sababli men yana "Qo‘qon-1912" jamoasi libosini kiyishga qaror qildim.
- Katta tanaffusdan so‘ng Qo‘qonga qaytdingiz. Avval siz bilan o‘ynagan futbolchilar deyarli qolmadi. Jamoaga qo‘shilib ketish qanchalik qiyinchilik tug‘dirdi?
- Haqiqatan ham tarkib o‘zgarib ketgan, biroq hozirgi futbolchilarning katta qismi bilan yaxshi tanishman. Ular bilan aka-ukadekmiz. Shu sababli yangilangan "Qo‘qon-1912" jamoasiga qo‘shilib ketishimda hech qanday qiyinchilikka uchramadim deya olaman.
- Sizni Qo‘qonda juda qattiq hurmat qilishadi. Sizni "Qo‘qon Javohiri", ba’zilar esa "qo‘qonlik Messi" deb ataydi. Muxlislarning bu e’tirofi siz uchun bu nimani anglatadi?
- O‘ynagan barcha jamoalarimda muxlislar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ayniqsa, qo‘qonlik muxlislar bilan. Futbolchilar va jamoalar doim muxlislarini xursand qilish uchun maydonda to‘p tepadi. Ishonchim komilki, qo‘qonlik muxlislar har qanday holatda ham biz futbolchilarni yolg‘izlatib qo‘ymaydi va doim qo‘llab turadi. Muxlislar bilan yana uchrashishni intizorlik bilan kutyapman. Umid qilamanki, ular bilan tez orada ko‘rishamiz.
- 2026 yil terma jamoamiz JCHda ishtirok etadi. Siz aynan Qo‘qonda faoliyat olib borgan vaqtingizda terma jamoaga tez-tez chaqiruv olgansiz. "Qo‘qon-1912"da o‘ynab, yana O‘zbekiston MTJ safiga qaytish niyatingiz bormi?
- Albatta, milliy terma jamoa har doim eng muhim jamoa bo‘lgan, u yerda o‘ynash har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Terma jamoaga yana chaqiruv olib, jamoamiz g‘alabasiga o‘z hissamni qo‘shsam, juda xursand bo‘laman.
- Har bir futbolchining o‘zining maqsadlari bo‘ladi. Javohir Sidiqov yangi mavsum oldidan o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan?
- Maqsadlarim oddiy, biroq katta. "Qo‘qon-1912"ning g‘alabalariga munosib hissamni qo‘shib, jamoamizni yuqori o‘rinlarga olib chiqish. Albatta, bularning barchasi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, biroq bizni aniq va mashaqqatli yo‘l kutmoqda. Bu yo‘lda barchamiz: rahbariyat, murabbiylar, futbolchilar va muxlislar bir bo‘lishimiz lozim. Shunda biz o‘z maqsadimizga erishamiz. Biz futbolchilar bu maqsad yo‘lida maksimal harakat qilishga intilamiz.













