Formula-1 bo‘yicha yetti karra Jahon chempioni Mixail Shumaxerning sog‘ligi bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Qorli tog‘larda chang‘ida uchish vaqtida olgan og‘ir jarohatidan so‘ng, afsonaviy sportchi 12 yildan ortiq vaqt davomida omma oldida ko‘rinish bermagan. Daily Mail nashrining xabariga ko‘ra, Shumaxer endilikda tibbiy xodimlar yordamida nogironlar aravachasi orqali uy ichida harakatlana oladi.
U doimiy ravishda shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, oilasining xususiy rezidensiyasida yashamoqda. Shu bilan birga, uning sog‘ligi haqidagi ma’lumotlar yaqinlari qarori bilan jiddiy cheklangan.
Shuningdek, Mixail bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lgan kam sonli shaxslardan biri sobiq “Ferrari” kompaniyasi rahbari Jan Todt bo‘lib qolmoqda. Avvalroq u muntazam ravishda Shumaxerning holidan xabar olishi va birga Formula-1 bosqichlarini tomosha qilishini aytgandi.
Ma’lumot uchun, 2013-yilda afsonaviy poygachi chang‘i uchayotganda yiqilib, bir muddat koma holatida bo‘lgan. O‘tgan 12 yil davomida F1 sobiq chempionini, oila a’zolaridan tashqari, Jan Todt, Felipe Massa va Luka Badoer kabi yaqin do‘stlari ko‘rgan.
Shumaxer miya yarim sharining bir necha joyidan jarohatlangan va bosh miyasi shikastlangan edi. 2018-yil dekabrida u to‘shakka va sun’iy nafas berish uskunasiga muhtoj emasligi ma’lum bo‘ldi. 2019-yil sentyabrda sobiq sportchi Parijdagi klinikalardan birida ildiz hujayralar davosidan o‘tgan. Hozirga qadar u 24 soat davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘lishi zarur edi.













