"Flamengo" yarim himoyachi Lukas Paketani sotib olish bo‘yicha "Vest Xem" bilan olib borilgan muzokaralarda to‘lov shartlarini o‘z foydasiga hal qildi. Bu haqda jurnalist Vene Kazagrande xabar berdi.
Avvalroq, klublar 28 yoshli futbolchining 41,25 mln yevrolik transferi bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar qilingandi. Paketa Braziliya chempionatiga o‘tgan eng qimmat futbolchiga aylanadi.
Kazagrande xabariga ko‘ra, ingliz klubi to‘lovlarni 2026, 2027 va 2028 yillarda bo‘lib-bo‘lib olishga rozi bo‘lgan. Endi klublar har bir to‘lov miqdorini, shuningdek, "Flamengo" oldindan to‘laydigan summani muhokama qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, barcha masalalar deyarli hal qilingan, bitim nihoyasiga yetishga juda yaqin.
Lukas joriy mavsum APLda 18 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













