Avvalroq xabar berganimizdek, serbiyalik himoyachi Vladimir Bubanya "Metallurg"da ham 15-raqam ostida to‘p tepadigan bo‘ldi.
— Yaxshi bilamiz, siz anchadan buyon O‘zbekistonda faoliyat olib boryapsiz. Aynan "Metallurg"ga ko‘chib o‘tishingiz qanday yuz berdi?
— Men Ilhom Mo‘minjonov bilan "Surxon"da birga ishlaganman. Bosh direktorni esa "Andijon"dagi faoliyatim orqali yaxshi taniyman. Shu sababli, menga taklif bilan chiqishganda, bajonidil uni qabul qildim. Ustiga-ustak "Metallurg" doim katta klublardan biri bo‘lgan.
— Yangi mavsumga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
— Mashg‘ulotlar menga ma’qul kelmoqda. Yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘z navbatida, futbolchilar o‘zlaridan nima talab qilinayotganini tushungan holda barchasini astoydil bajarishmoqda. Jamoada ichki muhit ajoyib, mashg‘ulotlar jarayoni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda.
— Tajribali futbolchi sifatida tarkib borasida nima deya olasiz?
— Tarkib haqida aslida murabbiylar va rahbariyat gapirgani ma’qul. Ammo o‘z fikrimni bildirish kerak bo‘lsa, yaxshi jamoa shakllanmoqda. Mavsumgacha bo‘lgan vaqt davomida biz yanada kuchayishimizga ishonaman. Maqsadimiz aniq — Superligaga qaytish va biz buni uddalay olishimizga ishonchim komil.
— "Metallurg" safida 15-raqam ostida to‘p tepadigan bo‘ldingiz...
— Albatta, men yana o‘sha qadrdon raqamim "15"ni tanladim. Bu men uchun omadli raqam, deya olaman. Serbiyada to‘p tepgan vaqtlarimda ham, keyinchalik O‘zbekistonga kelganimda ham qayerda o‘ynamay, albatta, shu raqam ostida harakat qildim. Hayotimda ko‘p narsa aynan 15 raqami bilan bog‘liq. Oddiy misol, uyimning raqami ham 15 (kuladi).
— Mavsum boshlanishiga oz vaqt qoldi. Bekobodlik futbol muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?
— "Metallurg" jamoasi muxlislaridan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolaman. Biz har bir uchrashuvda g‘alaba uchun va asosiy maqsad uchun kurashamiz, maydonda bor kuchimizni beramiz. Jamoaning asl o‘rni Superligada va biz uni o‘sha yerga qaytarmoqchimiz. Muxlislar esa bu yo‘lda bizga katta yordam berishadi, deb umid qilaman.













