Fransiyaning "Lill" jamoasi bosh murabbiyi Bruno Jenezio Serbiyaning "Srvena Zvezda" klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ligasi javob uchrashuvi haqida fikr bildirdi. Uchrashuv bugun, 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Birinchi o‘yinda "Lill" o‘z uyida 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
"Agar biz birinchi o‘yin bilan solishtirganda yondashuvimizni o‘zgartirmasak, demak, o‘z ishimizni to‘g‘ri bajarmayotgan bo‘lamiz. Birinchi o‘yinda yomon ishtirok etdik, chunki raqib taktik va jismoniy tomonlama ustunlik qildi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda harakatlarimizda jipslik yetishmadi. Pressingimiz ancha tartibsiz bo‘ldi va texnik jihatdan iqtidorli jamoaga qarshi o‘yinda to‘pni qaytarib olish hamda vaziyatlar yaratish biz uchun juda qiyin kechdi.
Ular ketma-ket 11 ta o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilishmayapti va qariyb uch oydan beri yutqazishmadi. Shunday ekan, bu o‘z kuchiga ishonadigan va o‘z futbolchilariga ko‘p narsa bera olgan murabbiyga ega jamoa. Biz birinchi o‘yin bizning standartlarimizga mos kelmaganini isbotlamoqchimiz va keyingi bosqich yo‘llanmasini ta’minlashga harakat qilamiz, garchi bu qiyin bo‘lishini tushunib turgan bo‘lsak-da. "Srvena Zvezda" — favorit", — deya Jenezioning so‘zlarini UYEFA rasmiy sayti keltiradi.













