Bugun, 26 fevral kuni Samarqand shahridagi «Yoshlar markazi» katta zalida «Dinamo» jamoasining mavsum oldi an’anaviy tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Adiz Boboyev, klub homiylari, «Dinamo» jamoasi a’zolari, muxlislar, yosh futbolchilar va Samarqand futbol jamoatchiligi ishtirok etdi.
Taqdimot marosimi avvalida «Dinamo» matbuot xizmati tomonidan jamoaning 2025 yilgi eng muhim gollari va Dubayda o‘tgan mavsum oldi yig‘in haqidagi ma’lumot va videolavhalar namoyish etildi.
Taqdimot marosimida viloyat hokimi Adiz Muzaffarovich so‘zga chiqib, jamoa 2025 yilgi mavsumda katta o‘sishga erishib 4-o‘rinni egallaganini e’tirof etib, buning uchun bosh murabbiy Vadim Abramov va futbolchilarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, ko‘hna shaharda muxlislik yangi darajaga chiqayotganini ham qayd etdi.
«Dinamo» o‘z natijalari bilan Samarqand ahlini faqat xursand etmoqda. Jamoa yangi mavsum oldidan xorijda puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Ishonamizki, 2026 yilda ham Vadim Abramov murabbiyligidagi jamoamiz barchamizni xursand qiladi. O‘z o‘rnida biz ham jamoamizni doim qo‘llab-quvvatlaymiz.
Agar bu mavsum «Dinamo» chempionlik bilan Samarqand ahlini xursand qilsa, yangi stadion qurilishini ham boshlaymiz», - dedi Adiz Muzaffarovich. Bu esa zalda yig‘ilgan yuzlab muxlislarning olqishlariga sabab bo‘ldi.
Marosimning ochilish nutqidan keyin viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Adiz Boboyev, klub rahbariyati va jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirokida «Dinamo» futbolchilariga yangi liboslar topshirildi.
Shuningdek, jamoa nomidan viloyat rahbari Adiz Boboyevga 72-raqam, jamoani doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Shavkat Jalolovga 70-raqamli libos topshirildi. «Dinamo» fan-klubi rahbari Shavkat Burhonovga ramziy ma’noda 12-raqamli libos sovg‘a qilindi.
Ko‘tarinki kayfiyat va muxlislarning hayqiriqlari ostida o‘tgan taqdimot marosimi yakunida barcha muxlislar 28 fevral kuni o‘tadigan «Dinamo» - «Navbahor» o‘yiniga taklif etildi.
«Dinamo» PFK matbuot xizmati













