“Bashakshehir” safida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar — Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullayev Turkiya Superligasining 25-turi doirasida “Gyoztepe”ga qarshi bahsda maydonga tushdi (2:1). Shomurodov uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi, Fayzullayev esa 46-daqiqada zaxiraga olindi.
Sofascore portali “Bashakshehir”ning birinchi goliga assistentlik qilgan Abbosbek Fayzullayevning harakatlarini 6,8 ball bilan baholadi. Eldor Shomurodovning o‘yini esa 7,1 ballga loyiq ko‘rildi.
Shomurodov o‘yin davomida 43 marta to‘pga tegindi. U jami 19 ta uzatma amalga oshirgan bo‘lib, shulardan 14 tasi aniq manzilga yetib bordi 74 foiz). Shuningdek, Eldor “Gyoztepe” darvozasiga 2 marta aniq zarba yo‘lladi.
Abbosbek Fayzullayev uchrashuv davomida 23 marta to‘p bilan muomala qildi. U maydonda bo‘lgan 45 daqiqa ichida 10 ta uzatma amalga oshirib, ularning 9 tasi aniq manzilga yetib bordi (90 foiz). Fayzullayev 4 marta to‘p uchun kurashga kirishib, 3 ta holatda g‘alaba qozondi. Unga nisbatan ikki marta qoida buzildi. Abbos Ivan Brnich kiritgan golga uzatmani amalga oshirdi.
“Bashakshehir” darvozaboni Muhammad Shengezer o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi va 7 ta seyvni amalga oshirdi. Sofascore portali uning harakatlarini 9,4 ball bilan baholadi. “Bashakshehir”ning ikkinchi goli muallifi Omar Shahinner esa 7,5 ballga loyiq ko‘rildi.

Shu tariqa, “Bashakshehir” Turkiya chempionatining 25-turida muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Jamoa ushbu g‘alabadan so‘ng 42 ochko jamg‘arib, turnir jadvalining 5-pog‘onasida bormoqda. Mag‘lub bo‘lgan “Gyoztepe” esa 42 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turibdi.













