“Benfika” bosh murabbiyi Joze Mourinyo “Portu” murabbiylar shtabi a’zosi Lucho Gonsales bilan yuzaga kelgan tortishuv haqida fikr bildirdi.
Mourinyoning so‘zlariga ko‘ra, mojaro vaqtida Gonsales uni bir necha bor “sotqin” deb haqorat qilgan. Joze Mourinyo bu holatga munosabat bildirib, bunday ayblovlarni tushunmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, faoliyati davomida ishlagan har bir klubiga maksimal darajada sadoqat bilan yondashgan.
“U meni 50 marta sotqin deb atadi. Men kimga xiyonat qilganimni tushuntirib berishini istardim. Men bir paytlar “Portu”ga qalbimni berganman, keyin esa “Chelsi”, “Inter” va “Real”da ishladim. Dunyoning turli joylarida faoliyat olib bordim va har bir klubga hayotimning 24 soatini bag‘ishladim. Bu professionalizm deb ataladi”, deydi Mourinyo.
Murabbiy, shuningdek, futbolchilar va mutaxassislarning faoliyati davomida turli klublarda ishlashi tabiiy jarayon ekanini qayd etdi.
“Uning o‘zi ham “Marsel”ga o‘tganida “Portu”ga xiyonat qilgan bo‘ladimi? U meni boshqacha haqorat qilishi ham mumkin edi, biroq shunday yo‘lni tanladi. Men buni professional faoliyatimga qaratilgan hujum deb bilaman”, deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Mourinyo muxlislar tomonidan aytiladigan keskin gaplar futbolning bir qismi ekanini, biroq bunday munosabat hamkasblar tomonidan bildirilishi uni ranjitganini ta’kidladi.
“Muxlislarning haqoratlari — futbolning bir qismi. Ammo buni hamkasbing qilsa, bu boshqacha qabul qilinadi. Axir u ham men kabi professional va turli klublarda faoliyat olib borgan”, dedi u.
Murabbiy so‘zining yakunida qayerda ishlashidan qat’i nazar, har doim jamoasi manfaatlari uchun bor kuchini sarflashini aytdi.
“Hozir men “Benfika” manfaatlari uchun ishlayapman. Ertaga “Eshtrela”, “Moreyrense” yoki “Leyriya”da ishlasam ham, xuddi shunday bor kuchimni beraman. Shuning uchun bu gaplar menga yoqmadi”.
Ma’lumot uchun, jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan bo‘lib, bahsning so‘nggi daqiqalarida Mourinyo va Gonsales tortishuv sabab maydondan chetlatilgan edi.
Portugaliya Primeyra Ligasi 25-turidan so‘ng “Portu” 66 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. 59 ochko jamg‘argan “Benfika” esa 3-o‘rinni egallab turibdi.













