Madridning «Real» klubi kelasi mavsumda Alvaro Arbeloaning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sifatida Maurisio Pochettinoni ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda ESPN.
«Madrid» 12 yanvarda Xabi Alonso o‘rniga Arbeloa tayinlanganini e’lon qilgan edi, biroq uning shartnoma muddatiga aniqlik kiritilmagan. Ba’zi manbalarning ta’kidlashicha, amaldagi murabbiy kelasi mavsumda o‘z lavozimida qolishi uchun unga «mo‘’jiza» yoki Chempionlar ligasidagi g‘alaba kerak bo‘ladi.
ESPN manbalaridan birining xabar berishicha, «qaymoqranglilar» Arbeloaga klubda qolishi uchun boshqa lavozim taklif qilishlari mumkin, jumladan, unga «Real»ning zaxira jamoasi — «Kastilya»dagi avvalgi murabbiylik roliga qaytish imkoniyati berilishi mumkin.
Hozirda «qaymoqranglilar» murabbiylik posti uchun turli nomzodlarni ko‘rib chiqishmoqda. Pochettino — klub prezidenti Florentino Peres yuqori baholaydigan mutaxassislardan biri. AQSH terma jamoasining amaldagi murabbiyi 2019 yilda «Tottenxem»ni Chempionlar ligasi finaliga olib chiqqanidan so‘ng ham uning nomi «Madrid»dagi ish bilan bog‘langan edi.
Bundan tashqari, bir nechta manbalar ESPN nashriga «qaymoqranglilar» skautlar bo‘limi rahbari Xuni Kalafatning kelajagi ham so‘roq ostida ekanini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, mutaxassisning Peres bilan munosabatlari juda yaxshi, biroq yangi o‘yinchilar uchun katta xarajatlar qilinganiga qaramay, jamoa ketma-ket ikkinchi mavsumni sovrinsiz yakunlasa, bu «Real»da qolish uchun yetarli bo‘lmaydi.













