Chexiya polisiyasi futbol olamidagi yirik korrupsion tizimga chek qo‘yish maqsadida o‘nlab shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakatning Isport axborot portali xabar bermoqda.
Hozirda huquq-tartibot idoralari ushbu shaxslarning bukmekerlik kontoralarida pul tikish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida o‘yinlar natijasiga ta’sir o‘tkazgani (kelishilgan o‘yinlar) bo‘yicha tergov olib bormoqda. Ma’lum qilinishicha, tergov jarayonlari nafaqat milliy birinchi liga, balki yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarni ham qamrab olgan.
Tezkor harakatlar asosan respublikaning sharqiy qismi — Moraviya hududida amalga oshirildi. Gumonlanuvchilar orasida futbol funksionerlari, hakamlar va professional futbolchilar borligi aniqlangan.
Mazkur tekshiruvlar Chexiya futbol assosiasiyasi tashabbusi bilan boshlangan bo‘lib, unda Evropol va Interpol mutaxassislari ham faol ishtirok etmoqda. Assosiasiya raisi David Trunda bo‘lib o‘tayotgan voqealarni “Chexiya futboli tarixidagi eng yirik korrupsiyaga qarshi operasiya” deb atadi.
Eng shov-shuvli holatlardan biri oliy liga vakili “Karvina” klubi atrofida sodir bo‘lmoqda. Jamoa futbolchisi Samuel Shigut “Dinamo Cheske Budeyovise”ga qarshi o‘yinni kelishilgan holda o‘tkazish uchun klub raisi Yan Volfdan 100 ming kron miqdorida pora olganlikda gumonlanmoqda. Shuningdek, mazkur o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazish uchun hakamlar Yan Vshetechka va Miroslav Zelinkaga ham pora taklif qilingani aytilmoqda. “Karvina”dan tashqari, ikkinchi liga vakili “Opava” klubi va uning rahbari, o‘tmishda “Slaviya” safida chempionlikka erishgan Martin Latka ham poraxo‘rlikda ayblanmoqda.
Tergov ostidagi ro‘yxatda professional hakamlar Simon Veytasa, Lubosh Drozdi va Tomash Svoboda kabi nomlar bor. Ular o‘yinlar natijasini bukmekerlik kontoralari manfaati uchun o‘zgartirish yoki ma’lum jamoalar g‘alabasini ta’minlashga urinishda gumon qilinmoqda. Shuningdek, “Zlinchko”, “Znoymo”, “Xrudim” va “Start Brno” kabi klublarning o‘ndan ortiq futbolchilari pora evaziga o‘yin natijasini o‘zgartirishda ayblanib, ularning futbol faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.













