Madridning «Real» klubi va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe bo‘lajak Braziliya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan kutayotgan umidlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ushbu bahs payshanba kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
«Bu o‘yin biz uchun juda muhim. Braziliya — ulkan futbol davlati. Ushbu uchrashuv bizga shu yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida bizni nimalar kutayotgani haqida ilk tasavvurlarni beradi: muhit, muxlislar», — dedi matbuot anjumanida Mbappe. Shuningdek, u o‘yinni asosiy tarkibda boshlashga tayyorligini ham ma’lum qildi.
Yakshanba kuni, 29 martda fransuzlar ishtirokida ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi — bu safar Kolumbiya terma jamoasi raqiblik qiladi.













