Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Djennaro Gattuzo Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kechadigan hal qiluvchi bahs oldidan Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Payshanba kuni italiyaliklar Shimoliy Irlandiyani mag‘lub etgan (2:0) bo‘lsa, bosniyaliklar penaltilar seriyasida Uelsdan ustun keldi. Hal qiluvchi o‘yin Bosniyaning Zenisa shahrida bo‘lib o‘tadi.
«Muhit juda qizigan bo‘ladi, garchi Kardiffda ham shunday bo‘lishi kutilgan edi. Bosniya terma jamoasida tajribali o‘yinchilar ko‘p — bu Uels bilan solishtirganda butunlay boshqacha jamoa. Bosniyaliklar himoyada juda yaxshi o‘ynashadi va o‘z hujumchilarining mahoratiga tayanishadi. Shunday ekan, bizni yana bir qiyin va ko‘p jihatdan yarim finalga o‘xshash o‘yin kutmoqda», — dedi Gattuzo matbuot anjumanida.
Final uchrashuvi seshanba kuni, 31 martda bo‘lib o‘tadi. Italiya terma jamoasi 2014 yildan beri mundialda ishtirok etmayapti.













