"Santos" hujumchisi Neymar futbolchilik hayoti haqida gapirib, futbol yulduzi bo‘lish ko‘ringanidek oson emasligini ta’kidladi.
"Futbolchilik kasbining o‘z badali bor, tushunyapsizmi? Bu juda og‘ir, chunki Braziliya bu borada juda shafqatsiz bo‘lishi mumkin. Odamlar seni shunchalik kamsitishadiki... Ular sening ham oddiy inson ekaningni tushunishmaydi, bu juda qiyin. Men o‘z mehnatim bilan shu darajaga yetganim uchun juda minnatdorman.
Lekin men ham insonman, hamma qatori hissiyotlarim bor. Azob chekaman, og‘riqni his qilaman, yomon kayfiyatda uyg‘onaman, yig‘layman, g‘azablanaman, xursand bo‘laman. Men oddiy odamman. Nima uchun oddiy ishlar bilan shug‘ullana olmayman? Biroz bo‘sh vaqtingiz bo‘lganda nima qilasiz? Dam olish kuningizda yana ishga qaytasizmi? Agar shunday qilsangiz, bundan norozi bo‘lasiz. Buning uchun sizga pul to‘lashmaydi-ku, lekin baribir boraverasizmi?
Quloq soling, agar biror rasm joylasam, odamlar: "Neymar o‘zini ta’tilda deb o‘ylayapti", deyishadi. Nima uchundir meni yoqtirmaydigan odamlar borligini ko‘rish menga mahzunlik bag‘ishlaydi. Men xato qilishim mumkin emas, aslo mumkin emas. Men allaqachon ko‘p xato qildim. Bu inson hayotining bir qismi. Hozir yoshim 34 da, ko‘p xato qilganman va hali yana ko‘p xato qilishim mumkin", — deya Neymarning so‘zlarini keltiradi The Touchline.
Avvalroq OAVda futbolchi dam olish kunlarida jami 24 soatga yaqin vaqtini onlayn-poker o‘yiniga sarflagani haqida xabarlar tarqalgan edi.













