Italiya sport vaziri Andrea Abodi mamlakat terma jamoasining JCH-2026 ga chiqa olmaganiga munosabat bildirdi.
Jennaro Gattuzo shogirdlari JCH-2026 saralashi pley-off bosqichi finalida Bosniya va Gersegovina terma jamoasiga imkoniyatni boy berishdi (1:1, penaltilar bo‘yicha 1:4). Italiyaliklar ketma-ket uchinchi bor jahon chempionatini o‘tkazib yuborishadi.
«Italiya futboli qayta qurilishga muhtoj va bu jarayon FIGC (Italiya futbol federasiyasi) rahbariyatidagi kadrlar almashinuvidan boshlanishi kerak.
Futbol — bu sport va hozirgidek harbiy hamda iqtisodiy inqiroz davrida uning zimmasiga haddan tashqari og‘ir yuk yuklamaslik lozim. Boshqa tomondan, bu shunchaki sport ekanini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, futbol ommaviy madaniyatning bir qismi, ijtimoiy ritual va xalqaro obro‘-e’tibor elementiga aylangan Italiyada. Butun boshli bolalar va yoshlar avlodi terma jamoaning jahon chempionatidagi o‘yinini kuzatish orqali keladigan hayajonli tuyg‘ularni hali his qilmagani haqida o‘ylash menga mahzunlik bag‘ishlaydi.
Men jamoaga va uning murabbiyiga kecha oqshom ko‘rsatgan fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildiraman, ammo Italiya futboli qayta qurilishga muhtojligi va bu jarayon FIGC rahbariyatining yangilanishidan boshlanishi kerakligi hammaga ayon», — dedi Abodi.













