Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/04 00:00 Alaves 2-2 Osasuna
06/04 15:30 Udineze 0-0 Komo
06/04 18:00 Lechche 0-3 Atalanta
06/04 21:00 Yuventus 2-0 Jenoa
06/04 23:45 Napoli 1-0 Milan
07/04 00:00 Jirona 1-0 Vilyarreal
07/04 17:00 Lokomotiv - Xorazm
07/04 18:00 Mash’al - Bunyodkor
07/04 19:15 Andijon - Navbahor
07/04 23:59 Real Madrid - Bavariya
07/04 23:59 Sporting - Arsenal
08/04 18:00 Qo‘qon-1912 - Nasaf
08/04 19:00 OKMK - Surxon
08/04 20:15 Dinamo - So‘g‘diyona
08/04 23:59 Barselona - Atletiko
08/04 23:59 PSJ - Liverpul

David Trezege: “Imkoniyat bo‘lganida, Levandovskini qo‘limda ko‘tarib olib kelardim…”

David Trezege: “Imkoniyat bo‘lganida, Levandovskini qo‘limda ko‘tarib olib kelardim…”

Baho:
+ | -

Fransiya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan, Italiyaning «Yuventus» klubi tarixida o‘chmas iz qoldirgan afsonaviy hujumchi David Terezege bugun Argentinada yashab, futbol loyihalari bilan shug‘ullanmoqda. Shunga qaramay, turinliklarning bugungi natijalariga ham befarq emasday. Chunki uning «keksa sinyora» hayotini yoritishga ixtisoslashgan jufc.ru saytiga bergan intervyusida bir vaqtlar jamoani buyuklik sari yetaklagan qadriyatlar, soddalik va g‘alabaga chanqoqlik hissi hamon o‘zgarishsiz qolganini payqash qiyin emas. Qizig‘i shundaki, fransiyalik sobiq futbolchi bugungi kunda «Yuve»ni tahlil qilishdan ko‘ra, undagi yangi yulduzlarni kuzatishni afzal ko‘radi. Xususan, David yosh iste’dod Kenan Yildizning salohiyatini alohida ta’kidlab, turk forvardining o‘yinidagi erkinlik va ijodkorlikni yuqori baholamoqda.

– Sir emaski, zamonaviy futbolda algoritmlar, statistika va tahlillar haqida ko‘p gapirilyapti. Vaholanki, «Yuventus»day katta klubda o‘ynagan paytlaringizda ham sportning bu turi ancha soddaroq edi…

– Ha, chindan ham bugun ko‘pchilik murakkab tahlillar va turli sxemalar haqida bahs-munozara yuritadi. Lekin ilgari siz aytib o‘tgandek – futbol ancha soddaroq edi. Misol uchun men «Yuventus»da juda oddiy, ammo eng muhim qoidani o‘rgandim. Ya’ni har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish. Chunki aynan shu narsa jamoaga natija olib keladi. Bilasizmi… bu yil «Yuve»ning «River Pleyt» ustidan qit’alararo kubok finalidagi g‘alabasiga 30 yil to‘lyapti. Shu munosabat bilan bu ikki jamoa o‘rtasida ramziy o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilsa, juda zo‘r bo‘lardi.

– Faoliyatingiz davomida «Yuventus»ni tark etishga eng yaqin bo‘lgan davr qachon edi?

– Ko‘pchilik bu borada 2001 yilgi voqeliklarni eslaydi, ammo aslida eng og‘ir palla 2004 yilda bo‘lgan. O‘shanda biz rahbariyat bilan shartnomani uzaytirish borasida kelisha olmadik. Chunki bosh direktor Luchano Modji klub manfaatini qattiq himoya qilardi. Shu paytda meni «Barselona»ga sotish ehtimoli ham yo‘q emasdi. Ammo Fabio Kapelloning tashabbusi bilan jamoada qolgandim. Rostini aytsam, avvaliga uning Don Fabioning gaplariga to‘liq ishonmaganman, lekin oxir-oqibat hammasi yaxshilik bilan tugagandi.

– «Yuventus» bilan Chempionlar ligasini yuta olmaganingizdan afsuslanasizmi?

– Yo‘q aksincha, men Kalchopoli mojarosidan keyin ham jamoa bilan qolganimdan faxrlanaman. To‘g‘ri, mazkur voqeliklar ortidan klub «V» Seriyaga tushirib yuborildi va bu men uchun sport jihatdan yo‘qotilgan bir yil bo‘ldi. Ammo shu orqali muxlislar mehrini qozondim. Bu esa har qanday sovrindan ko‘ra qadrliroq. Esimda, o‘sha paytda chempionatdagi har bir raqibimiz «Yuve»ga qarshi o‘yinni bayramdek qabul qilgandi.

– O‘zi aslida «Monako»dan «Yuventus»ga o‘tishingizda kimlarning maslahatiga quloq solgansiz?

– Men o‘sha paytda asosan Zinedin Zidan va Didye Deshamning maslahatlariga quloq tutganman. Shuningdek, Mishel Platini ham shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, Turinga o‘tish to‘g‘ri yo‘l ekanligini ta’kidlagan. Ammo ularning hammasi bir gapni alohida uqtirgandi: «Bu yerda seni faqat gollaring orqali baholashadi». Vaholanki, «Monako»dagi muvaffaqiyatlarimdan keyin menga aynan shunday chaqiriq kerak edi. Esimda, «Yuve»ga ko‘chib o‘tgan ilk kunlarda eng katta qo‘llash Zidan tomonidan bo‘lgandi.

– Jamoadoshlaringizga sovg‘a berib turarmidingiz?

– «Yuve» safida 100-golimni urganimda Turinning Kuadrilatero tumanidagi klubda katta ziyofat uyushtirgandim. Eng yaxshi raqs tushganlar – Paolo Montero va Marselo Salayeta bo‘lgan. Yana shunday unutilmas kecha Pavel Nedved «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritganda kuzatilgan. O‘shanda u butun jamoaga sov­g‘a ulashgandi. Eh… bu davrlarda klubdagi yigitlarda o‘zaro hurmat va do‘stlik juda kuchli edi.

– Jamoada kim ko‘proq jarima to‘lardi, sizmi yoki Kamoranezi?

– Albatta Mauro. U aslida «Oltin to‘p» darajasidagi o‘yinchi edi. Hozir ham tez-tez gaplashib turamiz. Kamoranezi ba’zan hazillashib, Turin kasalxonalarini «Yuve»da to‘lagan jarimalari bilan moliyalashtirganini aytadi. Yaqinda uning murabbiy sifatida ish boshlaganini eshitib rosa xursand bo‘ldim. To‘g‘risi, bu men uchun kutilmagan yangilik edi.

– Bugungi «Yuventus» hujumchilari haqida fikringiz qanday?

– Bu klubning o‘ziga xos an’analari bor va u yerda hujumchilardan doim gol talab qilinadi. Ochig‘i, men Dushan Vlaxovichdan hozirgidan ko‘ra ko‘prog‘ini kutgandim. Biroq u Turinga kelganiga besh yildan oshgan bo‘lsada, haligacha o‘zini yetakchi hujumchi rolida namoyon eta olmayapti. Vaholanki, Dushan «Fiorentina»da juda yaxshi o‘ynagan, lekin «Yuve» futbolkasini kiyish butunlay boshqa daraja ekanligini tushunishi kerak.

– Agar sizga ma’lum darajada imkoniyat berilsa, hozirgi top-hujumchilardan qay birini jamoaga olib kelgan bo‘lardingiz?

– Men hech ikkilanmasdan Robert Levandovskini tanlardim. Chunki u hatto 37 yoshida ham yuqori darajada o‘ynay oladi. Aytish kerakki, Robert – Erling Xoland kabi zamonamizning eng so‘nggi haqiqiy markaziy hujumchilaridan biri. Agar imkoniyat bo‘lganida, uni o‘z qo‘limda ko‘tarib Turinga olib kelgan bo‘lardim.

– Yangi futbolchilar Jonatan Devid va Loi Openda haqida qanday fikrdasiz?

– Devidni «Lill»da o‘ynab yurgan paytlaridanoq yaxshi taniyman. Shuni to‘g‘ri qabul qilish kerakki, u bungacha g‘alaba majburiyati unchalik katta bo‘lmagan klubda kamol topdi. «Yuventus»ga tezda moslashish esa oson emas. Biroq o‘ylaymanki, Jonatan Italiyaga kelgach, «A» Seriyani, jamoadoshlarini va Spallettini yaxshiroq tushunib olish imkoniyatiga ega bo‘lib ulgurdi. Demak, kelasi mavsumda u ikkinchi imkoniyatga ega bo‘lishga loyiq. Opendaga kelsak, bu yigit ham tezkor va yaxshi o‘yinchi, lekin negadir u ham haligacha o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsata olmadi.

– Kenan Yildiz haqida fikringiz? Uni ba’zilar hatto Alessandro Del Pyeroga qiyoslashmoqda…

– Aytish shart emas, Alessandro Del Pyero alohida darajadagi afsona. Lekin bugun men «Yuventus» o‘yinlarini asosan Kenan Yildizning harakatlarini kuzatish uchun tomosha qilaman. U juda noyob iste’dod egasi va yo‘q joydan imkoniyat yarata oladi. Kenan ayniqsa maydondan hamda o‘yindan zavq oladi, bu esa hujumchi uchun juda muhim sifat. Menimcha, unga «soxta to‘qqizlik» roli emas, balki klassik «o‘nlik» pozisiyasi ko‘proq mos keladi, ayniqsa chap qanotdan hujum boshlashda.

Xurshid YUSUPOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 09:22, 07.04.2026.
O'qildi: 414 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик