"Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani Manuel Noyerni tarixdagi eng yaxshi darvozabon deb hisoblashi haqidagi savolga javob berdi. Myunxenliklarning 40 yoshli sardori "Real" Madridga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi chorak finalining dastlabki o‘yinida 9 ta zarbani qaytarib, uchrashuv qahramoniga aylandi.
O‘yindan so‘ng jurnalistlar Kompanidan Noyer barcha davrlarning eng yaxshi golkiperimi deb so‘rashdi.
"Siz tufayli menda Tibo Kurtua bilan muammolar kelib chiqishi mumkin, vaholanki men uni ham juda qattiq hurmat qilaman. Eshiting, har kimning o‘z fikri bo‘lishi mumkin, ammo juda kam sonli insonlar Noyer bilan tenglasha oladi. U juda uzoq vaqtdan beri eng yuqori darajada o‘ynab kelmoqda, bunday natija esa faqat sanoqli kishilargagina nasib qiladi", — dedi Kompani matbuot anjumanida.
Uchrashuv "Bavariya"ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.













