«Manchester Yunayted» rahbariyati yangi bosh murabbiy bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Germaniyaga yo‘l oladi. indykaila News nashrining X ijtimoiy tarmog‘idagi ma’lumotlariga ko‘ra, klub rahbarlarining tashrifi keyingi haftaga rejalashtirilgan. Safardan ko‘zlangan maqsad — kelgusi mavsum uchun bosh murabbiy lavozimiga nomzodlarni muhokama qilishdir.
Uchrashuv tafsilotlari va ishtirokchilarning ism-shariflari sir tutilmoqda, biroq muzokaralar joyi sifatida Germaniyaning tanlanishi «Manchester Yunayted» jamoaga qat’iy intizom va zamonaviy taktik yondashuvni joriy etishga intilayotganidan dalolat beradi.
Ushbu voqealar fonida murabbiy Maykl Kerrikning kelajagi noaniq bo‘lib qoldi. Uning klubdagi afsonaviy maqomi va hozirda vaqtinchalik lavozimni egallab turganiga qaramay, Kerrikning doimiy asosda tayinlanishi endi kafolatlangan deb hisoblanmayapti. Klub rahbariyati unga bo‘lgan ishonch cheksiz emasligiga shama qildi.
APLning 32 turidan so‘ng mankunianlar 55 ochko bilan turnir jadvalining uchinchi pog‘onasida bormoqdalar. Kecha, 13 aprel kuni «Manchester Yunayted» o‘z uy stadionida «Lids Yunayted»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.













