Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turniri davomida o‘zbekistonlik Javohir Sindarov va qozog‘istonlik Bibisora Asaubayevaning munosabatlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, Bibisoraning ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan suratlari muxlislar orasida “ular shunchaki do‘stmi?” degan muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Sindarovning buvisi bu vaziyatga munosabat bildirar ekan, agar Javohir Bibisoraga uylanishni xohlasa, oilasi bunga qarshi emasligini aytdi:
“Ularni bolaligidan taniymiz, birga shaxmat o‘ynab yurishgan. Onasini ham taniyman. Hozircha ular do‘st, lekin ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Agar Javohir shu qizni yaxshi ko‘raman, uylanaman desa, biz rozi bo‘lamiz. Ularning qiziqishlari, dunyoqarashi bir xil”, deydi sportchining buvisi.
Hozirda har ikki shaxmatchi Kiprdagi musobaqada qatnashmoqda. Javohir Sindarov turnir yakuniga bir tur qolganda g‘oliblikni naqd qildi va jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bibisora Asaubayeva esa o‘z guruhida 7,5 ochko bilan ikkinchi pog‘onani band etgan bo‘lib, oxirgi turda g‘oliblikni uchun harakat qiladi.
Sportchilarning o‘zi hozircha munosabatlari haqida rasmiy ma’lumot bergani yo‘q, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar yosh grossmeysterlar bir-birini yaqindan qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda.













