Germaniyaning «Verder» jamoasi a’zosi Mio Bakxaus ko‘rsatayotgan mahoratli o‘yinlari tufayli Yevropaning grand klublari qiziqishlari doirasiga kirdi. Bu haqda Sky nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur posbonning faoliyati ayniqsa Italiya klublarida katta qiziqish uyg‘otgan. Xususan, «Milan» va «Inter» jamoalari futbolchining transferi bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni izlab topish bo‘yicha o‘ziga xos maktabga ega bo‘lgan Angliyaning «Brayton» klubi ham Bakxausni o‘z ro‘yxatiga kiritgan.
Ta’kidlanishicha, Mio Bakxausning Bremen klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilga qadar mo‘ljallangan. Shu bois, iqtidorli darvozabonni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan da’vogarlar katta miqdorda mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Hozirgi vaqtda futbolchining bozor qiymati taxminan 12 million yevro etib belgilangan.













