Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoa himoyachisi Daniel Karvaxalning Ispaniya terma jamoasiga qaytish imkoniyatlari haqidagi savolga javob berdi.
34 yoshli futbolchi bo‘lajak jahon chempionatini o‘tkazib yuborish xavfi ostida qolmoqda. «Qaymoqranglilar» sardori jarohatlari sababli o‘tgan yilning sentyabr oyidan buyon «qizil furiya» safiga chaqirilmayotgan edi. OAV vakillari murabbiydan veteran futbolchi JCH-2026 oldidan formaga kirib olishi uchun unga ko‘proq o‘yin amaliyoti beriladimi yoki yo‘qmi, deb so‘rashdi.
Arbeloa matbuot anjumanida bunga quyidagicha munosabat bildirdi:
«Tarkibimizda jahon chempionatiga borishi mumkin bo‘lgan 20 ga yaqin futbolchi bor. Agar ruxsat bersangiz, men terma jamoa emas, ko‘proq «Real» uchun nima yaxshiroq ekani haqida o‘ylashni afzal ko‘raman», — dedi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Ispaniya terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.













