"Metallurg" navbatdagi tur uchrashuviga — «Paxtakor» farm-klubiga qarshi bahsga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Ma’lumot uchun, Iminjonov PRO-Liga 4-turidan so‘ng to‘purarlar poygasida (3 ta gol bilan) ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Yetakchi «Aral» vakili Qalmagambetov hisobida 4 ta to‘p mavjud.
— Yangi mavsumning 4 ta turi ortda qoldi. Siz uchun qaysi jamoa eng noqulay raqib bo‘ldi?
— Men uchun eng noqulay raqiblardan biri 1-turdagi «Yaypan» jamoasi bo‘ldi. Bu jamoada juda yaxshi tarkib yig‘ilgan, tartibli va kurashuvchan o‘yin ko‘rsatadi. Qo‘shimchasiga, mavsumdagi birinchi o‘yin edi. Shu bahsda biroz qiynaldik, ayniqsa o‘yin tempi va bosim yuqori bo‘ldi.
Shu bilan birga, «Yaypan» bosh murabbiyi Rashid G‘ofurovni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. U inson katta futbolga qadam qo‘yishimda muhim rol o‘ynagan. Shuning uchun bu jamoaga qarshi o‘yin men uchun boshqa bahslardan ajralib turadi.
— Tig‘iz taqvim va futbolchilarning unga moslashishi haqida...
— Albatta, tig‘iz taqvim futbolchilarga ma’lum darajada qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ayniqsa, o‘yinlar oralig‘ida tiklanish jarayonida biroz muammolar bo‘lyapti. Ammo bu futbolning bir qismi — biz har qanday holatga tayyor bo‘lishimiz zarur. Jamoadoshlarim bilan bunga moslashib boryapmiz va har bir o‘yinga maksimal darajada tayyor bo‘lishga harakat qilyapmiz.
— Ortda qolgan 4 ta bahsda 3 ta gol va to‘purarlar poygasida 2-o‘rindasiz. Mavsum starti oldidan to‘purar bo‘lish haqida o‘ylaganmidingiz?
— Albatta, har bir hujumchi o‘z oldiga to‘purar bo‘lishni maqsad qilib qo‘yadi. Mavsum boshida shunday niyat qilganman va har bir o‘yinda jamoamga foyda keltirib, gol urishga harakat qilyapman. Biroq eng muhimi — jamoa natijasi. Shundan keyin imkoniyat bo‘lsa, albatta, liga to‘purarligi uchun ham kurashaman.
— Navbatdagi raqib — «Paxtakor» FJ haqida nimalar deya olasiz? Tayyorgarlik qanday ketyapti?
— 5-turdagi raqibimiz — «Paxtakor» FJ. Bu jamoa yosh va iqtidorli futbolchilardan shakllangan. Juda tezkor va intiluvchan yigitlar bor. Tayyorgarlikka kelsak, odatdagidek, barcha astoydil mehnat qilmoqda. Ushbu bahsga ham g‘alabani ko‘zlab tayyorlanyapmiz. PRO-Ligada oson raqibning o‘zi yo‘q.













