2002-yilning 25 aprelida Qozog‘iston rasman UEFAning 52-a’zosiga aylangan va Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) shafeligidagi faoliyatini yakunlagan edi. Sports.kz nashri Qozog‘istonning UEFAga o‘tishi 24 yil ichida mamlakat futboliga nima berganini tahlil qildi.
Qozog‘iston futbolining taqdirini va uning kelgusi rivojlanish yo‘lini belgilab bergan ushbu burilish nuqtasidan buyon 24 yil o‘tdi. O‘shanda Yevropani tanlash — raqobatning keskin oshishi hisobiga katta o‘sishga erishish deya baholangan edi. Biroq shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, Qozog‘iston terma jamoasining natijalari deyarli o‘zgarmadi.
Qozog‘iston UEFA shafeligida Jahon chempionati uchun oltita va Yevropa chempionati uchun beshta saralash bosqichida ishtirok etdi, biroq biror marta ham turnirlarning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni uddalay olmadi. Tarixdagi eng yaxshi natija Yevro—2024 saralashida qayd etildi: Magomed Adiyev shogirdlari 10 o‘yinda 18 ochko jamg‘arib, yakunda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Umumiy manzaraga qaralsa, Qozog‘iston saralash bahslarini asosan so‘nggi yoki oxiridan bitta oldingi pog‘onalarda yakunlab, turnirga chiqish imkoniyatini bir necha tur qolgandayoq yo‘qotgan.
Terma jamoaning rivojlanishini FIFA reytingidagi o‘rniga qarab ham baholash mumkin. 2002-yilda jamoa 120-o‘rinda edi, bugungi kunda esa ular 110-pog‘onani egallab turibdi. O‘sish darajasini FIFA reytingi ham ko‘rsatib turibdi: 2002-yilda mamlakat 120-o‘rinda edi, bugun esa 110-pog‘onaga band etgan xolos. Garchi 2016-yilda jamoa 86-o‘ringacha ko‘tarilib, kichik o‘sishni amalga oshirgan bo‘lsa-da, bu chorak asr oldingi kutilmalar oldida juda past ko‘rsatkichdir.
Albatta, konfederasiyaning almashishi milliy jamoaning dunyo maydonida deyarli o‘smaganiga yagona va asosiy omil emas. Bunga ko‘p jihatdan sifatli futbol infratuzilmasining yo‘qligi, ichki chempionat darajasi, federasiyaning ba’zan mantiqsiz qarorlari ham sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, Qozog‘istonning qarshisida o‘z yurishini OFKda davom ettirgan O‘zbekiston kabi ajoyib misol bor.
Sobiq Ittifoq parchalanganidan so‘ng Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham Osiyo konfederasiyasiga a’zo bo‘lgan edi. Qizig‘i shundaki, 1996-yilda O‘zbekiston FIFA reytingida 119-o‘rinda edi. Ushbu mintaqadagi raqobat darajasidan kelib chiqib, “oq bo‘rilar” har bir Osiyo Kubogiga yo‘llanma oldi va to‘rt marta chorak finalgacha yetib bordi, ammo Jahon chempionatlariga chiqa olmadi. Bu safar esa O‘zbekiston tarixiy natijaga erishib, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan JCH-2026 turniriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Agar Qozog‘iston Osiyo konfederasiyasida qolganida, bugun allaqachon Jahon chempionatida debyut qilgan bo‘lardi, degan taxminlar tez-tez quloqqa chalinadi. Yevropadagi kuchli raqobat tufayli esa jamoa hatto qit’a birinchiligiga ham yo‘llanma ololmayapti. Ammo tarkiblarni ob’ektiv solishtirganda, O‘zbekistonning bir necha futbolchisi Yevropaning top-5 ligalarida bir necha mavsumdan buyon o‘ynamoqda, Qozog‘istonda esa bundaylar hali yo‘q. Ya’ni, O‘zbekiston klublari Yevrokuboklarda qatnashmasa-da, ularning futbolchilari har yili eng kuchli terma jamoalarga qarshi o‘ynaydigan qozog‘istonliklarga qaraganda Yevropada ko‘proq taniqliroq.
Agar UEFAga a’zolikni klublar darajasidagi natijalardan kelib chiqib gapirsak, bu yerda natijalar ijobiyroq. “Ostona” va “Qayrat” Chempionlar Ligasining guruh bosqichida o‘ynashga, dunyo grandlarini Qozog‘istonga olib kelishga ulgurdi. Osiyoda to‘p surayotgan O‘zbekiston klublari uchun bunday imkoniyat hozircha mavjud emas. Bu Qozog‘iston uchun marketing va futbol targ‘iboti nuqtayi nazaridan — katta yutuq, biroq real o‘sish va taraqqiyot haqida gap ketganda, vaziyat unchalik ham quvonarli emas. O‘tgan 24 yil davomida qozoq klublari Yevropa qit’asi klublar darajasidagi eng nufuzli turnir — Chempionlar Ligasiga atigi ikki bor yo‘llanma oldi. Ammo bu yutuqlar ham qozoq futboli tarbiyalanuvchilari emas, balki har mavsumda almashib turadigan ‘yollanma’ legionerlar kuchi bilan qo‘lga kiritilgan. Mahalliy futbol tarbiyalanuvchilari esa katta sahnadan chetda qolib ketaverdi.
O‘zbekiston klublari esa Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etishadi, bu turnirga dunyoda e’tibor ancha kam. Saudiya Arabistoniga katta pullar kirib kelishi bilan ushbu turnirning nufuzi oshgan bo‘lsa-da, u baribir Yevropa Chempionlar Ligasiga yaqin ham kelolmaydi.
Yakunda shuni aytish mumkinki, Qozog‘istonning UEFAga o‘tish natijalari kutilganidan ancha past. Hozircha Qozog‘iston terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasiga yaqin kelgani ham yo‘q. Yevro saralashlaridagi ko‘plab urinishlardan esa faqat bir martagina maqsadga juda yaqin keldi. Ob’ektiv aytganda, milliy jamoa darajasi ham, xalqaro maydonda legionerlar yordamida kamdan-kam muvaffaqiyatga erishayotgan klublar holati ham hozircha boshqa Yevropa mamlakatlaridan ancha ortda. A’zo bo‘lish vaqtida chorak asrdan keyin ancha ulkan natijalar kutilgan edi, biroq turli omillar yig‘indisi Qozog‘iston futboliga to‘liq rivojlanish imkonini bermadi.













