«Manchester Yunayted» jamoasi Maykl Kerrik boshqaruvi ostida ochko yig‘ish sur’atini keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldi. 44 yoshli mutaxassis joriy yilning 13 yanvar kuni Ruben Amorim iste’fosidan so‘ng (Darren Fletcherning qisqa muddatli muvaqqat boshqaruvidan keyin) jamoa tizginini o‘z qo‘liga olgan edi.
APLning 34-turida «Brentford» ustidan qozonilgan g‘alabadan (2:1) so‘ng, mankunianliklar hisobidagi ochkolar soni 61 taga yetdi. Taqqoslash uchun, Ruben Amorim qo‘l ostida jamoa mavsumning dastlabki 20 ta o‘yinida 31 ochko to‘plagan edi. Kerrik kelganidan keyingi va Fletcher boshqargan bir o‘yinni o‘z ichiga olgan jami 14 ta bahsda esa klub 30 ochko ishlab oldi.
Bu shuni anglatadiki, jamoa mavsumning ikkinchi yarmida ancha barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda. Ayni damda «Yunayted» Premyer-liga turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.













