Italiyaning «Komo» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Sesk Fabregas keyingi mavsumda ham o‘z lavozimida ishlashda davom etishiga to‘la ishonmoqda. Bu haqda jurnalist Fabrisio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.
Manbaning ta’kidlashicha, mutaxassisning o‘zi ham hozirgi holatidan mamnun va klubda qolishni istaydi.
Sesk Fabregas 2024 yilning yozidan beri «Komo»ni boshqarib kelmoqda. Italiya chempionatining 34 turidan so‘ng jamoa 61 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa hisobida 17 ta g‘alaba, 10 ta durang va 7 ta mag‘lubiyat mavjud.
Italiya Kubogida esa «Komo» yarim finalgacha yetib bordi va u yerda «Inter»ga imkoniyatni boy berdi (0:0, 2:3). Ispaniyalik mutaxassisning amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.













