«Atletiko» hujumchisi Antuan Grizmann Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Arsenal»ga qarshi bahs oldidan 2016 yilgi turnir finali haqida gapirib o‘tdi.
O‘shanda «Atletiko» bosh sovrin uchun kechgan hal qiluvchi o‘yinda penaltilar seriyasida «Real»ga imkoniyatni boy bergan edi. Grizmann uchrashuvning 48-daqiqasida 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘ygandi.
«Men bu haqda har kuni o‘ylamayman, lekin qachonki do‘stlarim yoki jamoadoshlarim bilan Chempionlar ligasi haqida gaplashsak, o‘sha lahza — 2016 yil va penalti albatta yodga tushadi.
Bu finaldagi g‘alaba juda chuqur jarohatni davolagan bo‘lardi. Bu vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li — turnirda shu yil g‘olib chiqishdir», — deya Grizmannning so‘zlarini keltiradi UYEFA rasmiy sayti.
«Atletiko» va «Arsenal» o‘rtasidagi dastlabki yarim final uchrashuvi 29 aprel kuni Madridda bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilning yozida Grizmann AQSHning MLS ligasida ishtirok etuvchi «Orlando Siti» klubiga o‘tadi.













