Niderlandiya chempionatining yuqori divizioni — Erediviziyadagi kamida 133 ta o‘yin natijasi futbolchilarning hujjatlarini rasmiylashtirishdagi qoidabuzarliklar tufayli bekor qilinishi mumkin. Bu haqda ESPN nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, 100 dan ortiq o‘yin natijalari qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoli bor, sababi bir qator futbolchilar maydonga tegishli hujjatlarsiz tushgan. Ularning ko‘pchiligi terma jamoalar safida o‘ynash maqsadida ikkinchi fuqarolik — Indoneziya, Surinam yoki Kabo-Verde fuqaroligini qabul qilgan.
Niderlandiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday holatlarda futbolchilar mamlakat fuqaroligini yo‘qotishi mumkin va ular ishlash uchun ruxsatnoma olishga majbur bo‘ladi.
“Agar o‘yinchi mamlakat fuqaroligidan voz kechsa, Niderlandiya qonunlari yoki Niderlandiya Qirollik futbol ittifoqining huquqiy ta’sir doirasidan chiqib, boshqa davlat yoki xalqaro tashkilotning yurisdiksiyasiga o‘tadi. Amalda u chet ellikka aylanadi”, deydi sport va huquq professori Maryan Olfers.
Ta’kidlash joizki, ehtimoliy qoidabuzarliklar bir necha yil davomida e’tibordan chetda qolgan. Vaziyat bahor oyida, “NAS Breda” klubi ushbu muammoga e’tibor qaratib, o‘yinlardan birini qayta o‘tkazishni talab qilganidan so‘ng keskinlashdi. Niderlandiya Qirollik futbol ittifoqi ushbu talabni rad etganidan keyin klub apellyasiya shikoyatini kiritgan.













